Nordwind Airlines Qozondan Toshkentga to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarni qayta yo‘lga qo‘yadi
18-iyuldan parvozlar haftasiga ikki marta amalga oshiriladi, aviachiptalar narxi 13,5 ming rubldan boshlanadi
Фото: Uzbekistan Airports
Nordwind Airlines 18-iyuldan Qozon — Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha muntazam aviaqatnovlarni qayta tiklaydi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.
Parvozlar haftasiga ikki marta amalga oshiriladi. Qozondan samolyotlar dushanba va juma kunlari uchib ketadi, Toshkentdan esa seshanba va shanba kunlari qaytadi. Parvoz davomiyligi taxminan 3,5 soatni tashkil etadi.
Aviakompaniyaning rasmiy saytida e’lon qilingan jadvalga ko‘ra, dushanba kuni Qozondan samolyot mahalliy vaqt bilan soat 23:55 da uchib, Toshkentga 05:05 da yetib keladi. Qaytish reysi esa 06:25 da jo‘nab, 07:50 da Qozonga qo‘nadi.
Juma kungi qatnovlarda samolyot 23:45 da uchib, shanba kuni 04:55 da Toshkentga yetib keladi. Orqaga qaytish reysi 06:15 da amalga oshirilib, 07:45 da Qozonga qo‘nadi.
Bir tomonga aviachipta narxi 13,5 ming rubldan boshlanadi. Bu amaldagi kurs bo‘yicha taxminan 2,1 mln so‘mga teng.
Mazkur yo‘nalishda Nordwind Airlines beshinchi aviakompaniyaga aylanadi. Hozirda Toshkent va Qozon o‘rtasida parvozlarni Uzbekistan Airways, Centrum Air, FlyOne Asia hamda UVT Aero amalga oshirib kelmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ