Qoraqalpog‘istonda kriptomayning uchun maxsus zona tashkil etiladi
Rezidentlar 2035-yilgacha soliqlardan ozod qilinadi, biroq daromadining 1% ini majburiy to‘lov sifatida o‘tkazadi
O‘zbekistonda Qoraqalpog‘iston hududida “Besqala Mining Valley” nomli maxsus mayning zonasi tashkil etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Prezident qaroriga ko‘ra, loyiha kriptoaktivlar qazib olishni rivojlantirish va investitsiyalarni jalb etishga qaratilgan bo‘lib, u Milliy istiqbolli loyihalar agentligi nazorati ostida amalga oshiriladi. Zona butun Qoraqalpog‘iston hududini qamrab oladi.
Rezident korxonalarga umumiy elektr tarmog‘i hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalari, jumladan vodorod generatorlaridan foydalanishga ruxsat beriladi. Qazib olingan kriptoaktivlar mahalliy va xalqaro birjalarda yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri bitimlar orqali sotilishi mumkin. Shuningdek, daromadlarni O‘zbekiston banklaridagi hisobvaraqlarda saqlashga ruxsat etiladi.
Kompaniyalar uskunalar ishlashi natijasida ajraladigan issiqlikdan qishloq xo‘jaligida, xususan issiqxonalarni isitishda foydalanishi mumkin.
Rezident maqomini olgan korxonalar 2035-yil 1-yanvargacha barcha soliqlardan ozod etiladi. Biroq ular har oy daromadining 1% ini boshqaruvchi direksiyaga to‘lab boradi, yakuniy foyda esa hududiy byudjetga yo‘naltiriladi.
Elektr energiyasi narxi ikkinchi toifa tariflari asosida, ikki barobar oshirilgan koeffitsiyent bilan — 1 kVt/soat uchun 1800 so‘m etib belgilanadi. Bu tartib $100 mln dan ortiq yirik infratuzilma loyihalariga tatbiq etilmaydi.
Mazkur zonada faqat Qoraqalpog‘istonda ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxslar faoliyat yuritishi mumkin. Ular xavfsiz infratuzilma yaratishi, barqaror elektr ta’minotini yo‘lga qo‘yishi va kriptoaktivlar aylanmasiga oid qonunchilik talablariga rioya etishi shart.
Loyiha ishtirokchisi bo‘lish uchun ariza zona direksiyasiga topshiriladi, tasdiqdan so‘ng Milliy istiqbolli loyihalar agentligi tomonidan rasmiy ruxsatnoma beriladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ