Qatar o‘zbekistonlik jarrohlarga Golden Visa berishni rejalashtirmoqda
Shuningdek, hamshiralik, qurilish, IT va telekommunikatsiya sohalariga talab yuqori ekani qayd etildi
Migratsiya agentligi va Qatar rekruting kompaniyasi Jusour oʻrtasida imzolangan kelishuv doirasida kompaniya bosh direktori Abdulxadi Baxit Barkan Oʻzbekistonga keldi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar qildi.
U Migratsiya agentligi direktori Behzod Musayev bilan Qatarga Oʻzbekistondan kadrlar jalb qilish jarayonini soddalashtirish masalalarini muhokama qilgan. Uchrashuvda hamshiralik, qurilish, IT va telekommunikatsiya sohalariga yuqori talab mavjudligi bildirildi.
Shu bilan birga, jarroh mutaxassislarga Golden Visa taqdim etilishi taʼkidlangan. Qatarning Tawzeef platformasini agentlikning xorijdaish.uz platformasiga integratsiya qilish masalasi ham koʻrib chiqilgan.
2025-yilda Duty-free savdo tarmogʻi hamda Qatar Airways kompaniyasidagi boʻsh ish oʻrinlari boʻyicha agentlik tomonidan eʼlonlar joylashtirilib, nomzodlar rezyumelari Tawzeef platformasiga yuklangan. Ish beruvchilar tanlagan nomzodlar hozirda suhbat bosqichida ekani maʼlum qilindi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ