Xitoyning kompaniyasi Pungon — Namangan yo‘lini rekonstruksiya qilmoqda
Loyiha qiymati $246 mlnga baholangan va yo‘l bo‘ylab 34 ta ko‘prik va 22 ta piyodalar o‘tish joyi qurilishi belgilangan
Foto: Namangan viloyati hokimligi
Namangan viloyatida Pungon — Namangan avtomobil yo‘lining 75 kilometrlik qismini rekonstruksiya qilish boshlandi. Bu haqda transport vaziri Ilhom Mahkamov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “Toshkent va Namangan o‘rtasidagi asosiy arteriya” hisoblangan yo‘lni Xitoyning “CITIC Construction” kompaniyasi bilan hamkorlikda rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilmoqda.
Prezidentning oldingi tashrifi chog‘ida berilgan topshiriqlardan kelib chiqqan holda, biz Xitoyning yirik “CITIC” kompaniyasi bilan qayta qurish ishlarini boshladik. Prezident sifatli qurilish va loyihani o‘z vaqtida yakunlash yuzasidan alohida ko‘rsatma berdi, — dedi vazir.
Transport vaziri ta’kidlashicha, amaldagi yo‘l ikki tasmali bo‘lib, Farg‘ona vodiysidagi eng tirband yo‘llardan biri hisoblanadi. Bu yerda ko‘p hollarda tirbandliklar va yirik yo‘l-transport hodisalari sodir bo‘ladi. Bu Farg‘ona vodiysidagi eng qiyin yo‘llardan biri va Namanganni poytaxt bilan bog‘laydigan asosiy yo‘l hisoblanadi.
Prezident matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, bu yo‘ldan kuniga 15 ming transport harakatlanadi (40−45 mingtagacha oshirish rejalashtirilmoqda). U 4 tasmali, beton qoplamali qilib quriladi. Loyiha qiymati $246 mlnga baholangan. Yo‘l bo‘ylab 34 ta ko‘prik quriladi va 22 ta piyodalar o‘tish joyi tashkil qilinadi.
Namangan viloyati hokimligi o‘tgan yil avgust oyidayoq Pungon-Namangan yo‘lini rekonstruksiya qilish boshlanganini e’lon qilgan edi. Joriy yil aprel oyida viloyat hokimiyati loyiha F+EPC (moliyalashtirish, loyihalashtirish, xaridlar va qurish) sxemasi bo‘yicha amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Uning amalga oshirilishi yo‘lning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini uch barobar oshirishi, baxtsiz hodisalarni kamaytirishi va aholi, biznes hamda sayyohlar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratishi kutilmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ