O‘zbekistonda poyabzal eksportini $150 mlngacha yetkazish rejalashtirilmoqda

Shuningdek, ayrim faoliyat egalari 2029-yil 1-iyulgacha mol-mulk, yer, foyda va aylanmadan olinadigan soliqlardan ozod etiladi

O‘zbekistonda poyabzal eksportini $150 mlngacha yetkazish rejalashtirilmoqda

O‘zbekistonda charm-poyabzal sanoati korxonalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar tasdiqlandi. Ular moliyaviy ko‘mak va davlat xaridlarida ishtirok etish uchun imtiyozlarni nazarda tutadi. Bu haqda Adliya vazirligining huquqiy axborot kanali xabar berdi.

Hujjatga ko‘ra, joriy yil yakuniga qadar charm mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 690 mln kvadrat detsimetrga, 2027-yilda esa 800 mln kvadrat detsimetrga yetkazish rejalashtirilgan. Poyabzal ishlab chiqarish hajmi mos ravishda 100 mln va 115 mln juftga, tarmoqning qo‘shilgan qiymati esa 860 mlrd so‘m va 1,2 trln so‘mga yetkazilishi ko‘zda tutilgan.

Eksport hajmini joriy yilda $110 mln, 2027-yilda esa $150 mlngacha oshirish rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, charm-attorlik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi yil yakuniga qadar 246 mlrd so‘mga, 2027-yilda esa 300 mlrd so‘mga yetkazilishi belgilangan.

Qo‘llab-quvvatlash choralari doirasida jun va teri yig‘ishga ixtisoslashgan korxonalar 2026-yil 1-iyuldan 2029-yil 1-iyulgacha mol-mulk, yer, foyda va aylanmadan olinadigan soliqlardan ozod etiladi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligiga ushbu o‘zgarishlarni Soliq kodeksiga kiritish bo‘yicha takliflar tayyorlash topshirildi. Mazkur korxonalarga aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun ajratilgan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarining bir qismi ham qoplab beriladi. Milliy valyutadagi kreditlar uchun Markaziy bank asosiy stavkasidan yuqori bo‘lgan qismning 10% igacha, xorijiy valyutadagi kreditlar uchun esa 5%i qoplanadi.

Hujjatda bir qator moliyaviy rag‘batlantirish choralari ham nazarda tutilgan. Qayta ishlangan charm mahsulotlarini sotuvchi korxonalar 2028-yil oxirigacha Yengil sanoatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan har bir kvadrat detsimetr uchun 350 so‘mdan subsidiya oladi.

Poyabzal va charm-attorlik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga ishlab chiqarishga joriy etilgan har bir yangi model uchun 1 mln so‘mdan, biroq yiliga bitta korxona uchun 50 mln so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda mablag‘ ajratiladi.

Jamg‘arma ishlab chiqaruvchilarning press-qoliplar va qoliplarni xarid qilish xarajatlarining yarmini qoplaydi. Kompensatsiya miqdori Yevropa Ittifoqidan import qilinganda yiliga $10 minggacha, boshqa davlatlardan olib kirilganda esa $5 minggacha etib belgilangan.

Shuningdek, oqova suvlarni tozalash tizimlari uchun kimyoviy vositalar va reagentlarni xarid qilish xarajatlarining 50% igacha subsidiya qilinadi.

Davlat Toshkent, Nukus va aholisi 100 ming kishidan ortiq bo‘lgan boshqa shaharlarda firma savdo uylarini ochishda ham ko‘maklashadi. Tadbirkorlarga faoliyatning birinchi yilida ijara xarajatlarining 50%i, biroq 100 mln so‘mdan oshmagan miqdorda qoplab beriladi.

Bundan tashqari, 1-sentabrdan mahalliy charm ishlab chiqaruvchi korxonalar davlat xaridlarida ishtirok etishda mahalliy xomashyo ulushi, yaratilgan ish o‘rinlari soni va ro‘yxatdan o‘tgan tovar belgisi mavjudligiga qarab 15% gacha narx preferensiyalariga ega bo‘ladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Birinchi chorakda O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi 13% ga ko‘paydi
/
Birinchi chorakda O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi 13% ga ko‘paydi
Dollar kursi ketma-ket uchinchi kun pasaydi
/
Dollar kursi ketma-ket uchinchi kun pasaydi
Qirg‘iziston yoqilg‘i taqchilligi sabab O‘zbekistondan yordam so‘radi
/
Qirg‘iziston yoqilg‘i taqchilligi sabab O‘zbekistondan yordam so‘radi