To‘qimachilik korxonalariga garov asosida $2 mlngacha kredit ajratiladi

Bundan tashqari, paxta yerlari uchun mol-mulk va yer solig‘i 50%ga kamaytirildi

To‘qimachilik korxonalariga garov asosida $2 mlngacha kredit ajratiladi

Prezident farmoniga muvofiq, ayrim tadbirkorlik subyektlari uchun soliq imtiyozlari joriy etiladi hamda amaldagi yengilliklar muddati uzaytiriladi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan yengil sanoat korxonalarida quvvati 5 MVtgacha bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalaridan foydalangan holda ishlab chiqarilgan elektr energiyasining korxona ehtiyojidan ortiqcha qismini sotish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, 2026-yil 1-yanvardan 2028-yil 1-yanvargacha paxta tayyorlash punktlari faoliyatining mavsumiyligi inobatga olinib, ushbu punktlar uchun mol-mulk va yer solig‘ini 50%ga kamaytirilgan stavkada to‘lashga ruxsat etiladi.

2026-yil 1-yanvardan 2029-yil 1-yanvargacha bo‘lgan davrda tijorat banklari balansidagi to‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalarining mol-mulklari investorlar tomonidan realizatsiya qilinganda qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadi. Mazkur korxonalar mol-mulkini sotib olgan investorlar ishlab chiqarish faoliyatini 6 oy ichida to‘liq tiklash sharti bilan 1 yil davomida mol-mulk solig‘ini 50%ga kamaytirilgan stavkada to‘lash huquqiga ega bo‘ladi.

Bundan tashqari, charm-poyabzal va mo‘ynachilik korxonalari, shuningdek chorva mollarini so‘yish va terini qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar uchun belgilangan foyda solig‘i, mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va aylanmadan olinadigan soliq bo‘yicha imtiyozlar muddati uzaytiriladi.

To‘qimachilik korxonalarini qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimi joriy etiladi. Endilikda korxonalar iqtisodiy va moliyaviy ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratiladi hamda ularning faoliyatiga manzilli ko‘mak ko‘rsatiladi.

Farmonga asosan, to‘qimachilik korxonalariga tijorat banklari orqali $2 mlngacha kredit ajratishga ruxsat beriladi. Bunda kreditlar korxona tomonidan xarid qilingan va to‘lovlari to‘liq amalga oshirilgan yoki o‘zi yetishtirgan xomashyoni garovga qo‘yish hisobiga, Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi resurslari asosida taqdim etiladi.

Shuningdek, sog‘lomlashtirish imkoniyati mavjud deb topilgan korxonalarning avval olingan tijorat kreditlari muddati 7 yilgacha uzaytirilishi mumkin. Paxta xomashyosi xaridi uchun jalb qilingan kreditlar bo‘yicha esa 2026–2027-yillarda yanvar–fevral oylariga to‘g‘ri keladigan to‘lovlar kredit shartnomasiga muvofiq oxirgi 6 oyga teng taqsimlanib to‘lanadi.

Bundan tashqari, farmon doirasida yengil sanoat, paxta tayyorlash, charm-poyabzal va boshqa tegishli sohalar uchun soliq imtiyozlari ham nazarda tutilgan bo‘lib, mazkur choralar korxonalar moliyaviy barqarorligini oshirish va ishlab chiqarishni tiklashga qaratilgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Yevropa Ittifoqi O‘zbekistondagi ikki kompaniyaga sanksiya kiritdi
/
Yevropa Ittifoqi O‘zbekistondagi ikki kompaniyaga sanksiya kiritdi
Toshkentdagi peshtaxtalarni reklama sifatida baholash tartibini qayta ko‘rib chiqish taklif qilindi
/
Toshkentdagi peshtaxtalarni reklama sifatida baholash tartibini qayta ko‘rib chiqish taklif qilindi
Uy-joy bozorida bitimlar soni bir oyda 47% ga oshdi
/
Uy-joy bozorida bitimlar soni bir oyda 47% ga oshdi