“O‘zbekneftgaz” yil oxirigacha 1,1 mln tonna benzin ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda

Kompaniya 2026-yilning birinchi yarmida 11,5 mlrd kub metr tabiiy gaz qazib chiqardi

“O‘zbekneftgaz” yil oxirigacha 1,1 mln tonna benzin ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyevga “O‘zbekneftgaz” AJning 2026-yil birinchi yarmidagi faoliyati hamda yil yakunigacha amalga oshirilishi rejalashtirilgan ustuvor vazifalar yuzasidan hisobot taqdim etildi.

Ma’lum qilinishicha, joriy yilning dastlabki olti oyida kompaniya 11,5 mlrd kub metr tabiiy gaz qazib chiqardi. Shu bilan birga, neft, dizel yoqilg‘isi, aviakerosin va suyultirilgan gaz ishlab chiqarish hajmi prognoz ko‘rsatkichlaridan yuqori bo‘lgan.

Yil yakuniga qadar “O‘zbekneftgaz” 1,1 mln tonna avtomobil benzini, 983 ming tonna dizel yoqilg‘isi, 310 ming tonna aviakerosin, 606 ming tonna suyultirilgan gaz hamda qariyb 1,18 mln tonna sintetik mahsulot ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda.

Hisobotda qayd etilishicha, dunyodagi geosiyosiy vaziyat fonida Markaziy Osiyo orqali amalga oshirilayotgan aviaqatnovlar soni ortmoqda. Natijada joriy yilning iyul–dekabr oylarida aviakerosinga bo‘lgan talab 375 ming tonnaga yetishi, bu esa o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 27% ko‘p bo‘lishi kutilmoqda. Talabning asosiy qismi mahalliy neftni qayta ishlash zavodlari hisobidan qoplanadi.

Shu bilan birga, ayrim hamkor davlatlarda neft mahsulotlari eksportiga joriy etilgan cheklovlar sabab aviakerosin Gruziya, Iroq va boshqa mamlakatlardan import qilinmoqda.

Prezidentga “O‘zbekgeofizika” AJni modernizatsiya qilish rejalari haqida ham axborot berildi. Loyiha doirasida kon-geofizika uskunalarini yangilash va zamonaviy 3D seysmik majmuani xarid qilish uchun $38,8 mln yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, AQSHning Schlumberger kompaniyasi bilan hamkorlikda seysmik ma’lumotlarni qayta ishlash markazini tashkil etish ishlari olib borilmoqda. Markaz zamonaviy superkompyuter bilan jihozlanadi, yangi dasturiy ta’minot joriy etiladi hamda seysmik tadqiqotlarda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalaniladi.

Mazkur loyihalar natijasida yillik 3D seysmik tadqiqotlar hajmini 1,8 ming kvadrat kilometrdan 5 ming kvadrat kilometrgacha, o‘rganish chuqurligini esa 4,5 ming metrdan 8 ming metrgacha oshirish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, istiqbolli geologik tuzilmalar soni 19 tadan 30 taga yetkaziladi.

Quduqlarni burg‘ilashda yuqori harorat va bosimga chidamli materiallar, ultratovushli karotaj, real vaqt rejimidagi geofizik nazorat hamda gorizontal burg‘ilash texnologiyalarini joriy etish ko‘zda tutilgan. Bu murakkab geologik sharoitlarda quduqlar samaradorligi va ishonchliligini oshirish imkonini beradi.

Yig‘ilish yakunida davlat rahbari aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini neft mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash, tarmoq korxonalarini texnologik modernizatsiya qilish, energiya samaradorligini oshirish, ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirish hamda belgilangan chora-tadbirlar ijrosini qat’iy nazorat qilish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Markaziy bank: Valyuta birjasidagi savdolar muddati 7 soatga uzaytiriladi
/
Markaziy bank: Valyuta birjasidagi savdolar muddati 7 soatga uzaytiriladi
O‘zbekistonda dollar kursi yana o‘sishni boshladi
/
O‘zbekistonda dollar kursi yana o‘sishni boshladi
Toshkentning Kichik halqa yo‘lida ikkinchi “yashil yo‘lak” ishga tushirildi
/
Toshkentning Kichik halqa yo‘lida ikkinchi “yashil yo‘lak” ishga tushirildi