O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi 6,3 mln so‘mdan oshdi
2025-yilda eng yuqori maosh Toshkentda qayd etilib, o‘rtacha ish haqi 10 mln so‘mdan yuqori bo‘ldi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil yanvar–dekabr oylarida O‘zbekistonda nominal hisoblangan o‘rtacha oylik ish haqi 6,37 mln so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich bir yil davomida 18,9% ga oshgan.
Hududlar kesimida eng yuqori o‘rtacha ish haqi Toshkent shahrida qayd etilib, 10,75 mln so‘mga yetdi. Ikkinchi o‘rinda Navoiy viloyati — 7,87 mln so‘m, uchinchi o‘rinda esa Toshkent viloyati — 5,96 mln so‘m bilan qayd etildi. Eng past daromadlar Qashqadaryo (4,47 mln so‘m) va Surxondaryo (4,48 mln so‘m) viloyatlarida kuzatildi. Shu bilan birga, eng yuqori ish haqi o‘sishi Namangan viloyatida qayd etilib, 22,8 foizni tashkil etdi.
Soha kesimida eng yuqori maosh bank, sug‘urta va lizing sohalarida to‘lanib, o‘rtacha 17,6 mln so‘mni tashkil etdi. Axborot va aloqa sohasida o‘rtacha ish haqi 15,29 mln so‘mga yetdi. Yuk tashish va saqlash yo‘nalishida esa bu ko‘rsatkich 9,65 mln so‘mni tashkil qildi.
Eng past ish haqi an’anaviy ravishda ijtimoiy sohalarda qayd etildi. Xususan, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar xodimlari o‘rtacha 3,90 mln so‘m, ta’lim sohasi xodimlari esa 4,37 mln so‘m maosh oldi.
Shu bilan birga, eng tez o‘sish san’at, ko‘ngilochar va dam olish sohasida kuzatilib, 26,4% ga oshdi va 5,44 mln so‘mga yetdi. Ta’lim sohasida ish haqlari esa yil davomida 20,1% ga ko‘paydi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ