O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi aviaqatnovlar soni haftasiga 130 taga yetkaziladi

Xitoyga parvoz qilish huquqiga ega milliy aviatashuvchilari soni 8 taga oshirilishi rejalashtirilgan

O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi aviaqatnovlar soni haftasiga 130 taga yetkaziladi

O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi kelishilgan aviaqatnovlar soni haftasiga 130 tagacha oshiriladi, deb xabar bermoqda Transport vazirligi.

12−14-avgust kunlari Qozog‘istonning Ostona shahrida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo-Xitoy (S5+1) fuqaro aviatsiyasi sohasida hamkorlik bo‘yicha ishchi guruhining ikkinchi konferensiyasi doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi hamda Xitoy fuqaro aviatsiyasi administratsiyasi o‘rtasida muzokaralar o‘tkazildi.

Tomonlar ikki mamlakat o‘rtasida kelishilgan aviaqatnovlar sonini 130 tagacha oshirish, O‘zbekiston aviatashuvchilari uchun ruxsat berilgan Xitoy shaharlari sonini ko‘paytirish, shuningdek, yo‘lovchi va yuk tashishda Xitoyga parvoz qilish huquqiga ega bo‘lgan O‘zbekiston aviatashuvchilari sonini 8 ta yetkazish masalalarini muhokama qildi.

Muzokaralar yakuni bo‘yicha tegishli hujjat imzolandi. Mazkur hujjat Xitoy tomoni o‘zining ichki kelishuv jarayonlarini tugatganidan so‘ng kuchga kiritilishi kutilmoqda.

Hozirda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida haftasiga 61 ta yo‘lovchi hamda 128 ta yuk tashish va tranzit parvozlari amalga oshiriladi. Asosiy yo‘nalishlar — Toshkent — Pekin (haftasiga 17 ta reys), Toshkent — Urumchi (14), Toshkent — Guanchjou (9), Sian — Toshkent (6), Toshkent — Sanya (5). Parvozlar Uzbekistan Airways, Centrum Air, My Freighter, Qanot Sharq, China Southern Airlines, Loong Air, Air China, China Eastern Airlines, YTO Airlines va North Western Cargo International kompaniyalari tomonidan amalga oshiriladi.

Vazirlik eslatishicha, 2024-yil iyunida O‘zbekiston va Xitoy o‘zaro muntazam parvozlarni amalga oshirish huquqiga ega bo‘lgan aviakompaniyalar sonini har bir tomondan 3 tadan 6 taga (jami 12 ta) oshirish, muntazam aviaqatnovlar sonini har bir tomondan haftasiga 30 tadan 100 taga oshirishga kelishib olingan edi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

OIIB va ACWA Power Buxorodagi 300 MVtli shamol elektr stansiyasi uchun $107 mln ajratadi
/
OIIB va ACWA Power Buxorodagi 300 MVtli shamol elektr stansiyasi uchun $107 mln ajratadi
O‘zbekistonda dollar kursi o‘sishda davom etmoqda
/
O‘zbekistonda dollar kursi o‘sishda davom etmoqda
TBC Uzbekistan’ning sof foydasi 93 mlrd so‘mga yetdi
/
TBC Uzbekistan’ning sof foydasi 93 mlrd so‘mga yetdi