Energetika vazirligi “Socar” kompaniyasi bilan kelishuv imzoladi

Kelishuvga ko‘ra, kamida ming kvadrat kilometr hududda 3D seysmik izlanishlar olib boriladi

Energetika vazirligi “Socar” kompaniyasi bilan kelishuv imzoladi

O‘zbekiston va Ozarbayjonning “Socar” kompaniyasi Ustyurt platosida mahsulotni taqsimlash bo‘yicha bitim imzoladi. Bu haqda mamlakat Energetika vazirligi xabar bermoqda.

24-iyul kuni Energetika vazirligi, “O‘zbekneftgaz” AJ va Ozarbayjonning Davlat neft kompaniyasi (SOCAR) o‘rtasida Ustyurt mintaqasidagi neft va gaz resurslarini izlash, o‘zlashtirish va qazib olishni ko‘zda tutuvchi mahsulotni taqsimlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Ushbu kelishuvga ko‘ra, kamida ming kvadrat kilometr hududda 3D seysmik izlanishlar olib borilishi, natijalarga asosan esa kamida bitta qidiruv qudug‘i qazilishi rejalashtirilgan. Agarda sanoat uchun ahamiyatli uglevodorod zaxiralari topilsa, ular ustida ishlar davom ettirilib, qazib olish bosqichiga o‘tiladi.

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning aytishicha, Ustyurt hududi katta salohiyatga ega bo‘lib, “Socar” bilan tuzilgan ushbu bitim mazkur mintaqaning samarali rivojlanishi uchun keng imkoniyatlar ochadi.

Vazirlik bergan izohga ko‘ra, mahsulotni taqsimlash to‘g‘risidagi bitim (MTB) — bu hukumat va investor o‘rtasidagi o‘ziga xos hamkorlik shakli bo‘lib, investor neft va gaz operatsiyalarini, jumladan, izlanish, o‘zlashtirish hamda qazib olish ishlarini to‘liq amalga oshirish huquqiga ega bo‘ladi.

Investor o‘z sarf-xarajatlarini qazib olingan mahsulotning bir qismini kompensatsiya sifatida olish orqali qoplaydi. Qolgan daromad esa tomonlar o‘rtasida oldindan belgilangan ulushda taqsimlanadi. Bu yondashuv risklar va foydani teng taqsimlash, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va ilg‘or texnologiyalarni mamlakatga olib kirishga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, 21-iyul kuni Prezident Mirziyoyev neft-gaz sohasidagi qo‘shma loyihalarning amalga oshirilishi va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayoni bilan tanishgandi. Unda Ozarbayjonning “Socar” kompaniyasi bilan tuzilgan bitim muhokama qilingan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekiston BP kompaniyasini Ustyurt mintaqasida mahsulot taqsimotiga oid bitimga kiritish masalasini muhokama qilmoqda
/
O‘zbekiston BP kompaniyasini Ustyurt mintaqasida mahsulot taqsimotiga oid bitimga kiritish masalasini muhokama qilmoqda
Toshkentda atmosferani ifloslayotgan 100 dan ortiq xo‘jalik faoliyati to‘xtatildi
/
Toshkentda atmosferani ifloslayotgan 100 dan ortiq xo‘jalik faoliyati to‘xtatildi
BYDning uchta yangi modeli O‘zbekistonda rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazildi
/
BYDning uchta yangi modeli O‘zbekistonda rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazildi