O‘zbekistonda A toifadagi omborlar taqchilligi 3,5 mln kvadrat metrga yetdi
Jahon banki logistika sohasidagi muammolarni bartaraf etish uchun qator islohotlarni tavsiya qildi
2025-yilda O‘zbekistonda A toifadagi omborxonalarga bo‘lgan ehtiyoj 4 mln kvadrat metrni tashkil etgan bo‘lsa, amaldagi taklif atigi 513 ming kvadrat metrni tashkil qilgan. Zamonaviy omborlarning yetishmasligi logistika xarajatlarini oshirib, yetkazib berish muddatlarini uzaytirayotgani va mamlakat raqobatbardoshligini pasaytirayotgani Jahon bankining “O‘zbekiston xususiy sektor diagnostikasi” hisobotida qayd etilgan.
Hisobotda logistika turizm va farmatsevtika bilan bir qatorda xususiy investitsiyalar uchun ustuvor uch yo‘nalishdan biri sifatida e’tirof etilgan. Jahon banki buni O‘zbekistonning transkontinental transport yo‘laklaridagi strategik joylashuvi, savdo hajmlarining ortishi, agrosanoat ishlab chiqarishining kengayishi hamda zamonaviy omborlar, sovutish infratuzilmasi va “oxirgi mil” yetkazib berish xizmatlariga talabning oshishi bilan izohlagan.
Shunga qaramay, logistika infratuzilmasini kengaytirish bozordagi o‘sib borayotgan ehtiyojni qoplay olmayapti. Sektor parchalangan bo‘lib, bir nechta yirik operatorlar bilan bir qatorda kichik avtoparkka ega ko‘plab kompaniyalar faoliyat yuritmoqda.
Yuk avtomobillarining o‘rtacha yoshi 10 yildan oshgan. Avtoparkning 75% dan ortig‘i esa Euro V ekologik standartiga javob bermaydi. Narxlar orqali raqobatlashish amaliyoti xizmat sifati va ishonchliligini pasaytirib, kompaniyalarning texnikani yangilash imkoniyatlarini cheklamoqda.
2024-yilda omborxonalar bandlik darajasi o‘rtacha 95% ni tashkil etgan, Toshkent va Namanganda esa bu ko‘rsatkich 98% ga yetgan. Shu bilan birga, Toshkentdagi A toifadagi quruq omborlar ijara stavkalari Markaziy Osiyodagi eng yuqori darajada bo‘lgan.
2025-yilda barcha toifadagi omborlarga bo‘lgan umumiy talab 14,9 mln kvadrat metrga baholangan. 2030-yilga borib bu ko‘rsatkich 19,9 mln kvadrat metrgacha oshishi, shundan qariyb 28% i A toifasi talablariga javob berishi kutilmoqda.
Eng katta taqchillik sovutish infratuzilmasida kuzatilmoqda. Hozirda meva-sabzavot mahsulotlarining 5% dan kamrog‘i sovutiladigan omborlarda saqlanadi. Eksport bozorlarida samarali raqobatlashish uchun esa bu ko‘rsatkich taxminan 75% bo‘lishi kerak. Hosil yig‘ib olingandan keyingi yo‘qotishlar 20–30% ga yetmoqda.
Mamlakatda logistika parklari va multimodal markazlar ham yetarli emas. Ichki va tranzit yuk oqimlariga xizmat ko‘rsatish uchun 11,6 mln kvadrat metrdan ortiq ombor va yuk maydonlari zarur bo‘lsa, mavjud quvvatlar qariyb 300 ming kvadrat metrni tashkil etadi.
Eksport va tranzit yuklari uchun infratuzilmaga ehtiyoj taxminan 1,7 mln kvadrat metrga baholanmoqda. Bunda A toifasi talablariga mos maydonlar atigi 52,6 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Konteyner yuklarini qayta ishlash uchun esa 945 ming kvadrat metr maydon talab qilinadi, holbuki 2025-yilda mavjud quvvat atigi 40 ming kvadrat metr bo‘lgan.
Jahon banki investorlar uchun asosiy to‘siqlar sifatida moliyalashtirishning yuqori qiymati, garov talablari qat’iyligi, kredit muddatlarining qisqaligi hamda yer ajratish va ruxsatnomalarni olish jarayonlarining uzoq davom etishini ko‘rsatgan. Logistika loyihalarining rentabelligi 12–18% atrofida baholansa, milliy valyutadagi kreditlar qiymati 20–30% gacha yetadi.
Natijada kompaniyalar avtoparkni yangilashni kechiktirishga, ombor loyihalari ko‘lamini qisqartirishga yoki yirik logistika majmualari o‘rniga bosqichma-bosqich kichik investitsiyalar bilan cheklanishga majbur bo‘lmoqda.
| Muammo | Jahon banki taklifi |
|---|---|
| Avtotashuvlar bozori, ayniqsa kichik tashuvchilar orasida, “past narx — past mas’uliyat” tamoyili asosida ishlamoqda. | Minimal litsenziyalash, sug‘urta, xavfsizlik va mehnat standartlariga ega sertifikatlangan tashuvchilar tizimini yaratish. |
| Yirik kompaniyalar bilan ixtiyoriy kooperativlar va qo‘shma korxonalar tuzishga ruxsat berish. | |
| Xalqaro Dazvol ruxsatnomalarini ko‘rib chiqish, tasdiqlash, berish va bekor qilish bo‘yicha yagona raqamli tizim mavjud emas. | Dazvol tizimini E-avto platformasiga to‘liq integratsiya qilish va uni ruxsatnomalarni ko‘rib chiqish, tasdiqlash, berish hamda tekshirishning yagona raqamli kanaliga aylantirish. |
| Dazvol ruxsatnomalarini taqsimlash qoidalari va mezonlari shaffof emas. | Tanlov mezonlari, ariza topshirish muddatlari, talablar, mavjud ruxsatnomalar soni va ko‘rib chiqish muddatlarini ochiq e’lon qilish. |
| Logistika obyektlari uchun yer ajratish va qurilish ruxsatnomalarini olish juda uzoq davom etadi. 6–9 oyga mo‘ljallangan loyiha 12–24 oygacha cho‘zilishi mumkin. | Yer ajratish va qurilish ruxsatnomalarini olish bo‘yicha yagona raqamli tizim yaratish. |
| Yer ajratish, mulk huquqini rasmiylashtirish, shartnoma tuzish va kadastr ro‘yxatidan o‘tkazishni yagona, muddatlari qat’iy belgilangan jarayonga birlashtirish. |
Jahon banki baholashicha, omborlarning yuqori bandligi, ijara stavkalarining o‘sishi va maydonlarning foydalanishga topshirilishidan oldin band qilinayotgani bozorning yuqori investitsiya salohiyatini ko‘rsatmoqda.
Hisobotga ko‘ra, tavsiya etilgan islohotlar amalga oshirilsa, 2030-yilgacha logistika infratuzilmasini rivojlantirishga $950 mln–1,05 mlrd xususiy investitsiya jalb etilishi mumkin. Shundan $788 mln logistika parklari va multimodal markazlarga, $106 mln A toifadagi quruq omborlarga, yana $51–58 mln sovutish infratuzilmasiga yo‘naltirilishi prognoz qilingan.
Mazkur loyihalar 98 mingdan 108 mingtagacha doimiy to‘g‘ridan to‘g‘ri va bilvosita ish o‘rni yaratishi mumkin. Qurilish bosqichida esa bir yil davomida qo‘shimcha 5–7 ming ish o‘rniga teng vaqtinchalik bandlikni ta’minlashi kutilmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ