Ipoteka bo‘yicha soliq imtiyozlari avtomatik tarzda qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Shuningdek, yosh oilalarga ipoteka bo‘yicha soliq imtiyozi davlat subsidiyasi olgan yoki olmaganidan qat’i nazar qo‘llanilishi mumkin

Ipoteka bo‘yicha soliq imtiyozlari avtomatik tarzda qaytarilishi rejalashtirilmoqda

O‘zbekistonda ipoteka kreditlarini to‘lashga yo‘naltirilgan daromadlar uchun soliq imtiyozlarini avtomatik tarzda qo‘llash taklif etilmoqda. Bu bo‘yicha hukumat qarori loyihasi Soliq qo‘mitasi tomonidan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Loyihaga muvofiq, 2027-yil 1-yanvardan boshlab ipoteka krediti bo‘yicha nazarda tutilgan soliq imtiyozlari fuqarolarning deklaratsiya topshirishi yoki alohida murojaat qilishi talab etilmagan holda proaktiv tartibda taqdim etiladi.

Buning uchun zarur ma’lumotlar tijorat banklari, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Soliq qo‘mitasi hamda boshqa vakolatli idoralarning axborot tizimlaridan elektron shaklda olinadi. Taqdim etilgan ma’lumotlarning ishonchliligi uchun ularni yuborgan davlat organlari javobgar bo‘ladi.

Shuningdek, 2026-yil 1-noyabrgacha Elektron soliq xizmatlari portali (My Soliq), Soliq mobil ilovasi hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (my.gov.uz) mazkur xizmatni ishga tushirish rejalashtirilgan.

Loyiha doirasida Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Markaziy bank tijorat banklari bilan birgalikda 1-sentabrgacha ipoteka kreditlari va subsidiyalar bo‘yicha ma’lumotlarni real vaqt rejimida elektron almashish tizimini yo‘lga qo‘yishi kerak bo‘ladi.

Axborot tizimi har oy yakunida ipoteka shartnomasi, qarz oluvchi yoki birgalikdagi qarz oluvchi haqidagi ma’lumotlar, hisobot davrida to‘langan asosiy qarz va foizlar, davlat subsidiyasi, uy-joyga egalik huquqi, shuningdek, fuqaroning ish haqi va ushlab qolingan daromad solig‘i to‘g‘risidagi ma’lumotlarni avtomatik ravishda solishtirib, soliq imtiyoziga bo‘lgan huquqni aniqlaydi.

Shundan so‘ng Soliq qo‘mitasi hisoblangan imtiyoz asosida elektron soliq deklaratsiyasini shakllantiradi. Agar fuqaro undagi ma’lumotlarga e’tiroz bildirsa, unga 5 kun ichida tuzatish kiritish imkoniyati beriladi. Mazkur muddat ichida e’tiroz bo‘lmasa, deklaratsiya tasdiqlangan deb hisoblanadi.

Loyihada yosh oilalarga ipoteka bo‘yicha soliq imtiyozi davlat subsidiyasi olgan yoki olmaganidan qat’i nazar qo‘llanishi ham nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, ipoteka hisobidan sotib olingan, qurilgan yoki rekonstruksiya qilingan uy-joy mulk huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab 36 oy ichida boshqa shaxsga o‘tkazilsa, bu soliq imtiyozi shartlarining buzilishi sifatida baholanadi.

Bunday holatda Soliq qo‘mitasi avval qo‘llangan imtiyozni bekor qiladi, butun davr uchun daromad solig‘ini qayta hisoblaydi hamda to‘lanishi lozim bo‘lgan summa haqida fuqaroni shaxsiy kabineti orqali xabardor qiladi.

Qaror loyihasi yuzasidan jamoatchilik muhokamasi 31-iyulga qadar davom etadi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Tadbirkorlarga maxsus hisobvaraqlardagi valyuta mablag‘laridan boshqa maqsadlarda foydalanishga ruxsat berildi
/
Tadbirkorlarga maxsus hisobvaraqlardagi valyuta mablag‘laridan boshqa maqsadlarda foydalanishga ruxsat berildi
Pasport va ID-karta yo‘qotganlik uchun jarimalar bekor qilinishi mumkin
/
Pasport va ID-karta yo‘qotganlik uchun jarimalar bekor qilinishi mumkin
Eng faol 200 ta mahallaga 2 mlrd so‘mdan mukofot beriladi
/
Eng faol 200 ta mahallaga 2 mlrd so‘mdan mukofot beriladi