Eng faol 200 ta mahallaga 2 mlrd so‘mdan mukofot beriladi
Yangi tashabbuslar hisobiga mahallalar budjeti tushumlari 2027-yildan boshlab 2 trln so‘mga yetkazilishi rejalashtirilmoqda
Foto: Prezident matbuot xizmati
O‘zbekistonda mahallalarning moliyaviy mustaqilligini kuchaytirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan yangi mexanizmlar joriy etiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, joriy yilda oilaviy tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirish uchun qo‘shimcha 2 trln so‘m imtiyozli resurs ajratilgan. “Og‘ir” mahallarda kredit stavkalari 17,5% dan 12% gacha pasaytirildi.
Prezident topshirig‘iga ko‘ra, 1-avgustdan boshlab mahalla bankirlari o‘zlari aniqlagan loyihalarni ushbu mablag‘lar hisobidan moliyalashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, ularga biznes faolligi, yangi ish o‘rinlari, tadbirkorlik va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) belgilanadi. Tuman va shahar hokimlari mahalla raislari bilan birgalikda har bir mahalla bankiri uchun yil oxirigacha aniq vazifalarni shakllantiradi.
Davlat banklari tomonidan boshlangan mahallalarni ixtisoslashtirish tashabbusi ham kengaytiriladi. O‘tgan yili tashkil etilgan “Agrostar” kompaniyalari ishtirokida endilikda “yetishtirish – qayta ishlash – saqlash – qadoqlash – sotish” zanjiri yo‘lga qo‘yiladi. Bir oy ichida dastur ishlab chiqilib, mingta mahallada ushbu tizimni ishga tushirish vazifasi belgilandi.
Yig‘ilishda mahallalar budjetini mustahkamlash bo‘yicha ham qator yangi choralar e’lon qilindi. Iyun oyida qabul qilingan prezident farmoniga muvofiq, mahallalarda qoladigan yer va mol-mulk solig‘i ulushi 10% dan 15% ga oshirildi. Bundan tashqari, sanitariya qoidalarini buzish va noqonuniy qurilish uchun undiriladigan jarimalarning 10% i ham mahallalar budjetiga yo‘naltiriladi.
Shuningdek, maydoni 5 ming kvadrat metrgacha bo‘lgan bo‘sh binolarni mahallalarning o‘zi auksionga chiqarishi mumkin bo‘ladi. Bu orqali mahallalar budjetiga qo‘shimcha 405 mlrd so‘m tushishi kutilmoqda.
Yana bir yangilikka ko‘ra, mahalladagi noturar obyektlardan tushadigan yer va mol-mulk solig‘ining 5% i ham bevosita mahalla ixtiyorida qoladi. Natijada mahallalar budjetida yiliga qo‘shimcha 400 mlrd so‘m mablag‘ shakllanadi.
Shuningdek, yil davomida eng ko‘p tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazgan, eng ko‘p yangi ish o‘rni yaratgan, tushum hajmi eng yuqori bo‘lgan va qo‘shimcha soliq bazasini kengaytirgan 200 ta mahalla 2 mlrd so‘mdan mukofot bilan rag‘batlantiriladi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, yangi tashabbuslar natijasida mahallalar budjeti tushumlari joriy yilda 1,6 trln so‘mga, 2027-yildan boshlab esa 2 trln so‘mga yetadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ