Pasport va ID-karta yo‘qotganlik uchun jarimalar bekor qilinishi mumkin
Ma’muriy javobgarlik o‘rniga yangi hujjatlarni rasmiylashtirishda oshirilgan davlat boji joriy etilishi rejalashtirilmoqda
Фото: oliygoh.uz
O‘zbekistonda shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar yo‘qolishi yoki yaroqsiz holga kelgani uchun qo‘llaniladigan ma’muriy jav obgarlikni bekor qilish rejalashtirilmoqda. Bu prezidentning Lex.uz portalida e’lon qilingan farmonda nazarda tutilgan.
Hujjatga ko‘ra, Adliya vazirligi hamda Ichki ishlar vazirligi joriy yilning oktabr oyi oxirigacha fuqarolik pasporti, xorijga chiqish pasporti, ID-karta va yashash guvohnomasi yo‘qolishi yoki yaroqsiz holga kelgani uchun belgilangan ma’muriy javobgarlikni bekor qilish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqadi.
Buning o‘rniga yangi hujjatlarni rasmiylashtirishda oshirilgan davlat boji undirish tizimini joriy etish taklif etilmoqda.
Shuningdek, 1-oktabrdan boshlab fuqarolarning familiyasi, ismi, otasining ismi yoki tug‘ilgan sanasi o‘zgargan taqdirda ushbu ma’lumotlar barcha davlat idoralari axborot tizimlarida avtomatik ravishda yangilanadi. Shu muddatgacha idoralararo elektron axborot almashinuvi tizimini to‘liq ishga tushirish topshirilgan.
Yangi tartibga ko‘ra, Adliya organlari “Elektron hukumat” integratsion platformasi orqali tegishli davlat organlariga avtomatik xabarnomalar yuboradi. Bu esa fuqarolardan qo‘shimcha ariza talab etmasdan elektron hujjatlardagi ma’lumotlarni yangilash imkonini beradi.
Fuqarolar ma’lumotlaridagi o‘zgarishlar to‘g‘risidagi ma’lumotnomani Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali avtomatik olishi mumkin bo‘ladi. Ushbu hujjat haydovchilik guvohnomasi, ID-karta va xorijga chiqish pasportini qayta rasmiylashtirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Avtomatik yangilanish quyidagi tizim va hujjatlarga tatbiq etiladi:
- Ichki ishlar vazirligi axborot tizimlari, jumladan Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati va transportni ro‘yxatdan o‘tkazish bazalari;
- umumiy o‘rta ta’lim attestatlari;
- o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim diplomlari;
- yakka tartibdagi tadbirkor va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni ro‘yxatdan o‘tkazish hujjatlari;
- jismoniy shaxslar va YATTlarga berilgan litsenziya, ruxsatnoma hamda xabarnomalar;
- soliq to‘lovchilarni identifikatsiya qilish tizimi;
- Yagona milliy mehnat tizimi;
- ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlar reyestri.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ