Tadbirkorlarga maxsus hisobvaraqlardagi valyuta mablag‘laridan boshqa maqsadlarda foydalanishga ruxsat berildi
Avvalroq firmalar boshqa vazifalarni amalga oshirish uchun xorijiy valyutani banklar orqali sotib, qaytadan sotib olishiga to‘g‘ri kelardi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Markaziy bank tadbirkorlik subyektlari uchun valyuta operatsiyalarini amalga oshirish tartibiga o‘zgartirish kiritdi. Endilikda tadbirkorlar maxsus hisobvaraqlardagi xarid qilingan xorijiy valyutani boshqa maqsadlar uchun ham yo‘naltirishi mumkin. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali ma’lum qildi.
O‘zgartirishlar xorijiy valyutadan foydalanish tartibini belgilovchi nizomning 28-bandiga kiritildi. Avval amaldagi tartibga ko‘ra, maxsus hisobvaraqqa o‘tkazilgan xorijiy valyutadan faqat dastlabki arizada ko‘rsatilgan maqsad uchun foydalanish mumkin edi.
Agar tadbirkor bir shartnoma uchun sotib olingan valyutani boshqa shartnoma bo‘yicha ishlatmoqchi bo‘lsa, avvalo uni bankka qayta sotishi, so‘ng yangi maqsad ko‘rsatilgan holda yana xarid qilishi talab etilardi.
Yangi tartibga ko‘ra esa, ichki valyuta bozorida xarid qilingan xorijiy valyutaning foydalanish maqsadini erkin o‘zgartirishga ruxsat berildi. Adliya vazirligi qayd etishicha, ushbu o‘zgarishlar tadbirkorlik faoliyatini soddalashtirish va biznes uchun qulay sharoit yaratishga qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank 15-iyun kuni kapital harakati bilan bog‘liq valyuta operatsiyalarining yangi tartibini ham tasdiqlagan edi. Unga ko‘ra, jismoniy va yuridik shaxslarga ayrim investitsiya operatsiyalarini Markaziy bankning oldindan roziligisiz amalga oshirish imkoniyati berildi.
Xususan, jismoniy shaxslar xorijdagi kompaniyalarning ustav kapitalini shakllantirish yoki unda ishtirok etish uchun yiliga 10 ming AQSh dollarigacha mablag‘ o‘tkazishi mumkin. Biroq xorijiy brokerlik hisobvaraqlariga mablag‘ yuborish faqat O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan investitsiya vositachilari orqali amalga oshiriladi.
Davlat korxonalari va ularga aloqador tashkilotlar uchun xorijdagi kompaniyalarga investitsiya kiritish, filial va savdo uylarini ochish bo‘yicha yillik limit 100 ming AQSh dollari etib belgilangan. Xususiy korxonalar uchun esa ushbu limit yiliga 200 ming AQSh dollarini tashkil etadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ