Prezident O‘zbekiston va AQSHning 2035-yilgacha hamkorlik dasturini ishlab chiqishni taklif qildi
Shuningdek, investorlar bilan ishlashda “Plug and Play” tamoyiliga asoslangan yondashuvni joriy etilishi rejalashtirilgan
Foto: Prezident matbuot xizmati
19-oktabr kuni Samarqandda Prezident Shavkat Mirziyoyev Amerika–O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashining ikkinchi yig‘ilishi ochilishida ishtirok etdi. Unda AQSH davlat kotibi Marko Rubio, AQSH prezidentining maxsus vakili Serjio Gor, shuningdek, Amerika kompaniyalari va banklari vakillari qatnashdi.
Yig‘ilishda ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, investitsiyalarni jalb qilish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Prezident O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidlab, siyosiy sheriklik asosida iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish zarurligini qayd etdi.
$12 mlrdlik kelishuvlar to‘plami shakllantirildi
Yig‘ilish doirasida umumiy qiymati qariyb $12 mlrd bo‘lgan 54 ta kelishuv va istiqbolli tashabbusdan iborat hujjatlar to‘plami shakllantirilgan. Ularni amalga oshirish uchun kompleks harakatlar dasturini ishlab chiqish rejalashtirilgan.
Hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari qatorida muhim minerallarni o‘zlashtirish va chuqur qayta ishlash, zamonaviy energetika tizimini rivojlantirish, ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini tashkil etish, shuningdek, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni sanoat, qishloq xo‘jaligi, ta’lim hamda davlat boshqaruviga joriy etish qayd etildi.
Shuningdek, ta’lim va kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlikni kengaytirish muhim yo‘nalish sifatida ko‘rsatildi.
Investorlar uchun “Plug and Play” tamoyili
Shavkat Mirziyoyev AQSH sarmoyadorlari uchun biznes boshlash shartlarini soddalashtirish zarurligini ta’kidladi. Buning uchun investorlar bilan ishlashda “Plug and Play” tamoyiliga asoslangan yondashuvni joriy etish ko‘zda tutilgan.
Unga ko‘ra, investorlarga yer maydoni, infratuzilma, ruxsatnomalar va hujjatlarni rasmiylashtirish masalalari hal etilgan tayyor loyihalar taklif qilinadi.
Bunda o‘zbekistonlik tadbirkorlar hamkor sifatida qatnashishi va investitsiyaviy xatarlarning bir qismini o‘z zimmasiga olishi mumkin. Yangi tashkil etilgan To‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi ham bunday loyihalarda ishtirok etadi.
2035-yilgacha hamkorlik dasturi taklif qilindi
Prezident ishbilarmonlik va investitsiya kengashi faoliyatini yanada takomillashtirish, uni ikki mamlakat o‘rtasidagi uzoq muddatli iqtisodiy sheriklikning strategik mexanizmiga aylantirish muhimligini qayd etdi.
Shu munosabat bilan 2035-yilgacha mo‘ljallangan savdo-investitsiyaviy va texnologik hamkorlik dasturini ishlab chiqish taklif qilindi.
Kengash yangi tashabbuslarni ishlab chiqish, tizimli to‘siqlarni bartaraf etish va yirik qo‘shma loyihalarni ilgari surish uchun muloqot maydoni bo‘lib xizmat qilishi kerakligi ta’kidlandi.
Yig‘ilish doirasida imzolangan hujjatlarni almashish marosimi ham bo‘lib o‘tdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ