Jahon bozorida oltin narxi ilk bor $3,6 mingdan oshdi
Markaziy bank sotayotgan oltin quymalarining narxi esa 27-avgustdan 3-sentabrgacha 5,8% ga yuqorilagan
Фото: iStock
Oltin narxlari ilk bor 1 unsiya uchun $3,6 mingdan yuqorilab, tarixiy rekord o‘rnatdi. Nyu-York tovar birjasi (COMEX)dagi dekabr fyucherslari $3 600,25 darajasida qayd etildi.
O‘zbekistonda Markaziy bank sotayotgan oltin quymalarining chakana narxi esa 27-avgustdan 3-sentabrgacha 5,8% ga oshib, grammiga 1,37 mln so‘mdan 1,45 mln so‘mga yetdi. Yil boshidan buyon ko‘tarilish 30% ni tashkil qilmoqda.
Oltin narxining keskin o‘sishi dollarning zaiflashishi va AQSh Federal rezerv tizimi foiz stavkasini tushirishi mumkinligi haqidagi taxminlar bilan bog‘liq. Regulyator yig‘ilishi 16–17 sentabr kunlari o‘tkazilishi kutilmoqda.
Qimmatbaho metallarga qo‘shimcha turtki sifatida AQShda yangi bojlar joriy etilishi mumkinligi haqida tarqalayotgan xavotirlar ham muhim rol o‘ynadi. O‘tgan hafta esa kumush ham palladiydan keyin strategik foydali qazilmalar ro‘yxatiga qo‘shildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ