“Oʻzbekneftgaz” yangi konlarni o‘zlashtirish ishlarini kengaytiradi

Shuningdek, oʻrta muddatli dasturlar doirasida qiyin oʻzlashtiriladigan zaxiralarda ishlash belgilandi

“Oʻzbekneftgaz” yangi konlarni o‘zlashtirish ishlarini kengaytiradi

Prezident Shavkat Mirziyoyevga neft-gaz tarmogʻida barqaror ishlab chiqarish koʻrsatkichlarini taʼminlash va moliyaviy-iqtisodiy samaradorlikni oshirish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan hisobot berildi.

“Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tizimida joriy yilning birinchi choragi yakunlari, ikkinchi chorakdagi asosiy vazifalar, ishlab chiqarish hamda moliyaviy koʻrsatkichlar dinamikasi koʻrib chiqildi.

Tarmoqda qazib chiqarish hajmlarini barqarorlashtirish, mavjud yoʻqotishlarni qoplash, quduqlarni ishga tushirish, taʼmirlash va texnologik tadbirlar izchillik bilan olib borilmoqda. Shu bilan birga, xarajatlarni maqbullashtirish, debitor qarzdorlikni qisqartirish, resurslardan samarali foydalanish hamda ayrim yoʻnalishlarda bozor mexanizmlarini takomillashtirish boʻyicha ishlanmoqda.

Quduqlar samaradorligini oshirish va qazib chiqarishga zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Bu borada xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikda bir qator texnologik yechimlar oʻrganilayotgani va ularni bosqichma-bosqich amaliyotga kiritish koʻzda tutilayotgani taʼkidlandi.

Geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, yangi istiqbolli maydonlarni aniqlash va ularni oʻzlashtirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar haqida ham axborot berildi.

Jumladan, 2D va 3D seysmik-qidiruv tadqiqotlari koʻlamini oshirish, yangi maydonlarda burgʻilash ishlarini boshlash, burgʻilash dasturlarini xalqaro talablar asosida tashkil etish, shuningdek, supervayzing, geologik-gidrodinamik modellashtirish va loyihalashtirish jarayonlarini yanada takomillashtirish choralari koʻrilmoqda. Qayd etilganidek, joriy yilda bir qator yangi maydonlarda ish boshlangan boʻlib, navbatdagi bosqichlarda bu ishlar yanada kengaytiriladi.

Oʻrta muddatli dasturlar doirasida qiyin oʻzlashtiriladigan zaxiralarda ishlash, chuqur va murakkab quduqlarni burgʻilashda ilgʻor xorijiy tajribani jalb etish muhimligi taʼkidlandi.

Davlat rahbari neft-gaz tarmogʻida ishlab chiqarish barqarorligini taʼminlash, mavjud quvvatlardan unumli foydalanish, geologiya-qidiruv, burgʻilash va taʼmirlash ishlarini tizimli asosda tashkil etish, moliyaviy intizomni mustahkamlash yuzasidan tegishli topshiriqlar berdi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Tadbirkor takliflari uchun alohida Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzish taklif qilinmoqda
/
Tadbirkor takliflari uchun alohida Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzish taklif qilinmoqda
Toshkent shahri uchun qoʻshimcha $500 mlnlik yevrobond chiqariladi
/
Toshkent shahri uchun qoʻshimcha $500 mlnlik yevrobond chiqariladi
O‘zbekistonda dollar kursi yana pasayishni boshladi
/
O‘zbekistonda dollar kursi yana pasayishni boshladi