New Port majmuasidagi qurilishlar nazoratsiz qoldirilmagan — vazirlik
Inspeksiya aniqlangan qoidabuzarliklar bo‘yicha buyurtmachiga bir necha bor ko‘rsatma bergan, mas’ul shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortilgan
Toshkentdagi New Port majmuasida qurilish ishlari nazorat organlari tomonidan e’tiborsiz qoldirilmagani ma’lum qilindi. Bu haqda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi munosabat bildirdi.
5-avgust kuni Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi Mega Logistics Service MCHJ tomonidan amalga oshirilayotgan qurilishlarda qoidabuzarliklar aniqlanganini bildirgan edi. Majmuadagi jami 9 ta blokda qurilish-montaj ishlari olib borilayotgani, shundan 6 tasida ishlar inspeksiyada belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan holda amalga oshirilayotgani aniqlangan.
Vazirlikka ko‘ra, aniqlangan holatlar yuzasidan buyurtmachi — Mega Logistics Service MCHJga bir necha bor bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar berilgan. Kompaniyadan qurilish ishlarini tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlari asosida davom ettirish va obyektlarni inspeksiyada belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazish talab qilingan.
Biroq ko‘rsatmalarda belgilangan talablar bajarilmagan. Shundan so‘ng kompaniyaning mas’ul mansabdor shaxslari ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Buyurtmachining texnik nazoratchisiga nisbatan ham taqdimnoma kiritilib, tegishli ta’sir choralari ko‘rilgan.
Bundan tashqari, inspeksiya tomonidan to‘plangan hujjatlar qoidabuzarliklarga huquqiy baho berish va qonunchilikda belgilangan choralarni ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.
Aynan mana shu bosqichda jamoatchilikka mazkur xabarlar eʼlon qilingan va uning ortidan turli mulohazalar paydo boʻlgan. Shu nuqtai nazardan, New Port majmuasidagi qurilishlar nazorat organlari tomonidan umuman eʼtiborsiz qoldirilgan, degan xulosa holatning barcha jihatlarini toʻliq aks ettirmaydi. Obyektdagi qoidabuzarliklar aniqlangan, buyurtmachiga majburiy koʻrsatmalar berilgan, masʼul shaxslar javobgarlikka tortilgan va materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilgan, deyiladi vazirlik xabarida.
Avvalroq Toshkent shahar prokuraturasi majmuada tegishli qurilish ruxsatnomalarini olmasdan bitta 20 qavatli, ikkita 19 qavatli, bitta 12 qavatli va bitta 2 qavatli turar joy binosi o‘zboshimchalik bilan qurilganini ma’lum qilgan edi.
Shundan so‘ng Mega Logistics Service MCHJ mansabdor shaxslari va boshqa shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ