O‘zbekistondagi barcha OTMlarda karyera markazlari tashkil etilishi mumkin
2027-yildan davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalarida talabalar va bitiruvchilarga ish topish, stajirovka uchun markazlar tashkil etish taklif qilinmoqda
2027-yildan boshlab O‘zbekistonning barcha oliy ta’lim muassasalarida bitiruvchilar uchun karyera markazlarini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Mazkur tashabbusni Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi taklif qilmoqda.
Loyihaning asosiy maqsadi yosh mutaxassislarning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshirishdan iborat. Buning uchun talabalarni kasbga yo‘naltirish, amaliyotlarni tashkil etish va ish izlash jarayonlarini tizimlashtirish ko‘zda tutilmoqda.
2027-yil 1-yanvardan boshlab bunday tuzilmalar mulkchilik shaklidan qat’i nazar, mamlakatdagi barcha institut va universitetlarda faoliyat yuritishi kerak bo‘ladi. Jarayon ustidan nazorat Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga yuklatiladi.
2028-yildan boshlab yangi tashkil etiladigan nodavlat ta’lim muassasalari karyera markazlarini faoliyatining ko‘pi bilan ikkinchi yilida tashkil etishi, davlat OTMlari esa buni tashkil etilishi bilanoq amalga oshirishi shart bo‘ladi.
Rektorlarga har yili o‘qishni tamomlagan talabalar, mutaxassislar va ish beruvchilar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazish orqali xizmatlar samaradorligini baholash vazifasi yuklatiladi.
Hujjatda yangi bo‘limlar uchun aniq ish rejalari, asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) hamda bitiruvchilarning keyingi faoliyatini kuzatish mexanizmlari belgilangan.
Markazlar xodimlari 144 soatlik maxsus o‘quv kursidan o‘tadi. Dastur 72 soatlik onlayn mashg‘ulot, 36 soatlik auditoriya darslari va 36 soatlik amaliyotdan iborat bo‘ladi.
O‘quv kursida quyidagi yo‘nalishlar qamrab olinadi:
- karyera xizmatlari va ularni rivojlantirish strategiyasi bo‘yicha asosiy bilimlar;
- mehnat bozori va bandlik tendensiyalari tahlili;
- kasbga yo‘naltirish texnologiyalari;
- ish beruvchilar bilan hamkorlik qilish metodologiyasi;
- amaliyotlarni mahalliy mehnat bozori bilan integratsiya qilish;
- raqamli platformalar bilan ishlash;
- suhbatga tayyorgarlik, rezyume tuzish, shaxsiy brend va psixologik testlar;
- maslahat berishda sun’iy intellektdan foydalanish;
- xalqaro tajriba va innovatsion amaliyotlar;
- KPIlarni o‘lchash va ma’lumotlarni tahlil qilish.
O‘qishni tugatgandan so‘ng nomzodlar test, amaliy topshiriq va loyihani himoya qilishdan iborat imtihon topshiradi. 2027-yil sentyabriga qadar karyera markazlaridagi ish o‘rinlarini faqat ushbu tayyorgarlikdan o‘tgan mutaxassislar egallashi kerak bo‘ladi.
Yangi tuzilmalar rahbarlarining ish haqi fakultet dekanlari lavozim maoshiga tenglashtiriladi. Yetakchi mutaxassislar esa dekan o‘rinbosarlari darajasida maosh oladi.
Karyera markazlaridagi xodimlar soni har 3 ming nafar talabaga 2 nafar xodim hisobidan belgilanadi.
Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda o‘z ma’lumotlar bazalarini career.edu.uz sayti bilan integratsiya qilish topshiriladi. Bu orqali ish beruvchilarning bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi ma’lumotlarini muntazam yetkazib berish yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, karyera markazlarini muvaffaqiyatli joriy etgan xususiy OTMlarni moliyaviy rag‘batlantirish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqiladi. Tegishli takliflarni Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Soliq qo‘mitasi tayyorlaydi.
Tashabbus bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi 27-avgustgacha davom etadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ