New Port turar joy majmuasining to‘qqizta binosidan oltitasi ro‘yxatdan o‘tkazilmasdan qurilgan

Buyurtmachi vakolatli organlarning ko‘rsatmalarini bajarmagani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan

New Port turar joy majmuasining to‘qqizta binosidan oltitasi ro‘yxatdan o‘tkazilmasdan qurilgan

Poytaxtning Yakkasaroy tumanida Mega Logistics Service kompaniyasi New Port turar joy majmuasidagi binolarning aksariyatida qurilish-montaj ishlarini tegishli ruxsat hujjatlarisiz amalga oshirgan. Bu haqda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat inspeksiyasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Izoh berilishiga ijtimoiy tarmoqlarda nazorat organlari mazkur obyektdagi qonunbuzarliklarga ko‘z yumayotgani haqidagi xabarlar sabab bo‘lgan.

Bunga javoban idora vakillari obyekt muntazam tekshirib borilgani va aybdorlarga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilganini bildirdi.

Nazorat organi ma’lumotiga ko‘ra, pudratchi kompaniya hududida to‘qqizta bino qurmoqda. Biroq ulardan faqat uchtasi Arxitektura-shaharsozlik kengashining rasmiy roziligi, ekspertizaning ijobiy xulosasi hamda hududiy organning ruxsatini olgan. Qolgan oltita obyekt qurilishi esa noqonuniy boshlangan.

Davlat inspeksiyasi Mega Logistics Service kompaniyasiga shaharsozlik hujjatlari to‘liq rasmiylashtirilgunga qadar qurilishni to‘xtatish bo‘yicha bir necha bor yozma ko‘rsatmalar yuborgan. Ammo bu talablar muntazam ravishda bajarilmagan.

Natijada kompaniya rahbariyati hamda buyurtmachi tomonidan texnik nazorat uchun mas’ul mutaxassis ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Shuningdek, to‘plangan barcha materiallar keyingi huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.

Idorada qayd etilishicha, vaziyat doimiy nazorat ostida bo‘lgan va vakolat doirasidagi barcha zarur choralar o‘z vaqtida ko‘rilgan.

Avvalroq Toshkent shahar prokuraturasi Mega Logistics Servise kompaniyasi rahbarlariga nisbatan mazkur turar joy majmuasi qurilishi vaqtida xususiy mulkni o‘zboshimchalik bilan buzish holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan edi. Tergovga Damariq mahallasi aholisining ijtimoiy tarmoqlardagi murojaatlari asos bo‘lgan.

Abdulla Qahhor ko‘chasida yashovchi mulkdorlar devloper tomonidan bosim o‘tkazilgani va majburiy ko‘chirilganini bildirgan. Ularning ta’kidlashicha, uylarni buzish ko‘chirish bo‘yicha huquqiy tartib-taomillar yakunlanmasidan boshlangan, taklif etilgan kompensatsiya esa shunga teng qiymatdagi uy-joy sotib olish uchun yetarli emas. Yagona uyidan ayrilgan fuqarolardan biri Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaga murojaat qilgan.

Internetdagi muhokamalardan so‘ng prokuratura va Toshkent shahar hokimligi xodimlari obyektni o‘rganib chiqqan. Tekshiruv davomida quruvchi aholini ko‘chirish bo‘yicha ijro harakatlari yakunlanmasidan turib binolarni buzishni boshlagani tasdiqlangan.

Bundan tashqari, nazorat organlari bo‘lajak majmua hududida qurilayotgan beshta ko‘p qavatli uy bo‘yicha ruxsat beruvchi hujjatlar mavjud emasligini aniqlagan. Tergov qonuniy qaror qabul qilinishi uchun alohida nazoratga olingan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 8,5% ga oshdi
/
O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 8,5% ga oshdi
O‘zbekiston va Qirg‘iziston $1,5 mlrdlik yangi loyihalar bo‘yicha kelishuvga erishdi
/
O‘zbekiston va Qirg‘iziston $1,5 mlrdlik yangi loyihalar bo‘yicha kelishuvga erishdi
ILMA qimmatli qog‘ozlar emitentlari uchun qonuniylik reytingini joriy etishni taklif qildi
/
ILMA qimmatli qog‘ozlar emitentlari uchun qonuniylik reytingini joriy etishni taklif qildi