Dorixonalar narxlarni asossiz oshirib, qariyb 8 mlrd so‘m daromad olgan
Raqobat qo‘mitasi 2025-yilda 267 mingdan ortiq qonunbuzarlik holatini aniqladi
Фото: Маргарита Авакян / Kapital.uz
2025-yil davomida O‘zbekistonda dori vositalarini belgilangan narxlardan yuqori bahoda sotish bilan bog‘liq 267,4 mingta holat aniqlangan. Bu haqda Raqobat qo’mitasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Tekshiruvlar Fair Tech axborot tizimi orqali kelib tushgan murojaatlar asosida o‘tkazilgan. Natijada 765 ta tashkilotda qonun buzilishi aniqlangan. Shundan 119 tasi ulgurji, 646 tasi chakana savdo subyektlari hisoblanadi. Noqonuniy yo‘l bilan olingan daromad miqdori 7,95 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Aniqlangan mablag‘lar fuqarolar foydasiga qayta hisoblab chiqildi. Shuningdek, iste’molchilarning huquqlarini himoyalash maqsadida hujjatlar Dori vositalari xavfsizligi markaziga litsenziya talablariga rioya etilishi bo‘yicha baholash uchun topshirildi.
Hududlar kesimida aniqlangan qonunbuzarliklar quyidagicha:
- Qoraqalpog‘iston — 5,3 ming holat (130,3 mln so‘m);
- Andijon — 3,2 ming holat (95,5 mln so‘m);
- Buxoro — 38,3 ming holat (929,4 mln so‘m);
- Jizzax — 1,04 ming holat (56,4 mln so‘m);
- Qashqadaryo — 2,7 ming holat (203,6 mln so‘m);
- Navoiy — 20,6 ming holat (329 mln so‘m);
- Namangan — 36,3 ming holat (575,2 mln so‘m);
- Samarqand — 5,1 ming holat (1,23 mlrd so‘m);
- Surxondaryo — 9,4 ming holat (1,57 mlrd so‘m);
- Sirdaryo — 2,7 ming holat (208,6 mln so‘m);
- Toshkent viloyati — 21,9 ming holat (735,1 mln so‘m);
- Farg‘ona — 22,7 ming holat (310,1 mln so‘m);
- Xorazm — 3,8 ming holat (199,3 mln so‘m);
- Toshkent shahri — 131 ming holat (1,4 mlrd so‘m).
Qo‘mita ma’lum qilishicha, dorilar bozorida monitoring ishlari davom ettiriladi. Qoidabuzar dorixonalar haqidagi ma’lumotlar ochiq manbalarda e’lon qilinadi va qonun talablariga amal qilmagan subyektlarga nisbatan javobgarlik choralari kuchaytiriladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ