Prezident Yangi Namanganda IT-park qurilishiga start berdi

Majmua viloyatning raqamli xizmatlar eksportini kengaytirishi kutilmoqda

Prezident Yangi Namanganda IT-park qurilishiga start berdi

Shavkat Mirziyoyev Davlatobod tumanidagi Yangi Namangan shaharchasi hududida yangi texnologik klaster qurilishining boshlanish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Hududlarda raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish iqtisodiy islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Joriy yil boshidan buyon Namangan viloyatiga $2 mlrd miqdorida to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb etilgan.

Xitoy, Turkiya, Hindiston va Rossiya investorlarining hamkorligida viloyatda umumiy qiymati $1,8 mlrd bo‘lgan 20 ta korxona ishga tushirilmoqda. Ushbu ishlab chiqarish quvvatlari 6,5 ming kishini ish bilan ta’minlaydi hamda farmatsevtika, yengil, oziq-ovqat va kimyo sanoati, shuningdek elektrotexnika va qurilish materiallari sohalarida 30 dan ortiq turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur loyihalar viloyat iqtisodiyotiga 3,6 trln so‘m daromad keltiradi, eksport hajmini $200 mlnga oshiradi va budjet tushumlarini 400 mlrd so‘mga ko‘paytiradi.

Bundan tashqari, sanoat, turizm, savdo va ko‘chmas mulk qurilishi sohalarini qamrab oluvchi umumiy qiymati $4 mlrdlik yana 28 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Namangan viloyatida 1,6 mln nafardan ortiq yoshlar istiqomat qiladi. Ular uchun IT mutaxassisliklariga o‘qitishga qaratilgan startap loyihalari yo‘lga qo‘yilmoqda. Tahlilchilarga ko‘ra, O‘zbekistonning sun’iy intellekt sohasidagi umumiy iqtisodiy salohiyati $10 mlrdga yetadi.

Xitoylik hamkorlar bilan birgalikda mamlakatning oltita shahrida — Yangi Namangan, Samarqand, Chirchiq, Nurafshon, Urganch va Navoiyda IT-parklar qurish bo‘yicha $117 mlnlik loyiha amalga oshirilmoqda. Namangandagi majmua ushbu dastur doirasida ishga tushirilayotgan birinchi obyekt bo‘ldi.

1,7 gektar maydonda xorijiy pudratchilar tomonidan “kalit topshirish” tamoyili asosida 17 qavatli bino quriladi. Maydoni 18 ming kvadrat metr bo‘lgan majmuada ta’lim va eksport markazlari, kovorking zonalari, ofislar, startap-akseleratorlar hamda xorijiy kompaniyalarga xizmat ko‘rsatish infratuzilmasi joylashadi.

Yagona ekotizimning ishga tushirilishi o‘nlab IT kompaniyalarini jalb qilish va qariyb 2 mingta yangi ish o‘rni yaratish imkonini beradi. Obyekt foydalanishga topshirilgach, viloyatda raqamli xizmatlar hajmi yiliga 500 mlrd so‘mgacha, eksport hajmi esa $30 mlngacha yetishi kutilmoqda.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Nordwind Airlines Qozondan Toshkentga to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarni qayta yo‘lga qo‘yadi
/
Nordwind Airlines Qozondan Toshkentga to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarni qayta yo‘lga qo‘yadi
O‘zbekistonda aholining inflyatsion kutilmalari minimal darajagacha pasaydi — 10,1%
/
O‘zbekistonda aholining inflyatsion kutilmalari minimal darajagacha pasaydi — 10,1%
O‘zbekistonda xavfsizlik talablarini buzgan yoqilg‘i va gaz shoxobchalari nazoratga olinadi
/
O‘zbekistonda xavfsizlik talablarini buzgan yoqilg‘i va gaz shoxobchalari nazoratga olinadi