Muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi tashkilotlar Markaziy bankda ro‘yxatdan o‘tadi

Yangi talab choraklik savdo aylanmasi 500 mln so‘mdan oshgan va bo‘lib-bo‘lib to‘lash ulushi kamida 50 foizni tashkil etgan tashkilotlarga tatbiq etiladi

Muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi tashkilotlar Markaziy bankda ro‘yxatdan o‘tadi

O‘zbekistonda muddatli to‘lov asosida tovar va xizmatlar sotuvchi tashkilotlarni Markaziy bankda hisob ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi joriy etilishi kutilmoqda. Markaziy bank ishlab chiqqan tegishli qaror loyihasi normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portaliga joylashtirildi.

Loyihaga ko‘ra, hisobot choragi yakunida savdo aylanmasi 500 mln so‘mdan oshgan va unda bo‘lib-bo‘lib to‘lash xizmatining ulushi 50% yoki undan yuqori bo‘lgan tashkilotlar Markaziy bankda ro‘yxatdan o‘tishi shart bo‘ladi. Mazkur talab ishlab chiqaruvchi korxonalarga tatbiq etilmaydi.

Belgilangan mezonlarga javob beruvchi tashkilotlar hisobot davridan keyingi oyning 20-kunidan kechiktirmay Markaziy bankka ariza va tegishli hujjatlarni taqdim etishi kerak.

Hujjatga muvofiq, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatish huquqi tashkilot Markaziy bank yuritadigan maxsus reyestrga kiritilganidan keyin yuzaga keladi. Banklar va mikromoliya tashkilotlari Markaziy bankni xabardor qilish orqali, boshqa yuridik shaxslar esa hisob ro‘yxatidan o‘tish orqali reyestrga kiritiladi.

Tashkilotlarni aniqlashda Soliq qo‘mitasi elektron hisobvaraq-fakturalar va onlayn kassa cheklari asosidagi ma’lumotlarni Markaziy bankka taqdim etadi. Markaziy bank ushbu ma’lumotlarni tahlil qiladi.

Belgilangan mezonlarga javob beradigan tashkilotning ro‘yxatdan o‘tmasdan faoliyat yuritishi nizom talablarini buzish hisoblanadi. Qaror loyihasi 2027-yil 1-yanvardan kuchga kirishi nazarda tutilgan. Hujjat 1-dekabrga qadar jamoatchilik muhokamasida bo‘ladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Jensen Huang Nvidia rahbari lavozimiga qayta tiklandi
/
Jensen Huang Nvidia rahbari lavozimiga qayta tiklandi
Toshkent markazida City Palace o‘rnida 41 qavatli mehmonxona qurish taklif qilindi
/
Toshkent markazida City Palace o‘rnida 41 qavatli mehmonxona qurish taklif qilindi
Turonbank Chori Mirzayev bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan yana bayonot berdi
/
Turonbank Chori Mirzayev bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan yana bayonot berdi