O‘zbekistonda kredit bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorligi bo‘lgan ehtiyojmandlarni moliyalashtirish yondashuvi o‘zgartiriladi

Xususan, tuman shtablariga kredit, subsidiya va foizsiz ssuda ajratish bo‘yicha kengroq vakolatlar beriladi

O‘zbekistonda kredit bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorligi bo‘lgan ehtiyojmandlarni moliyalashtirish yondashuvi o‘zgartiriladi

3-sentabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda mahalla bankirlari va hokim yordamchilarining loyihalar bilan ishlash ko‘nikmalari tanqid qilindi. Ularning aksariyati qaysi aholiga kredit kerakligi, shuningdek, loyihalarni lizing, faktoring, kafolat, sug‘urta, aylanma mablag‘ yoki shartnoma asosida moliyalashtirish imkoniyatlarini yetarlicha tushunmasligi qayd etildi.

Bankirlar va hokim yordamchilarining loyiha tayyorlashdan oldin hamon “Garovi bormi?” degan savolni berayotgani tanqid qilindi. Tadbirkorlarga kredit ajratishda byurokratik to‘siqlar saqlanib qolayotgani, to‘lov grafiklari esa biznes yo‘nalishiga moslashtirilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Shu munosabat bilan kreditlarni qaytarish muddatlarini dehqonchilik, savdo va boshqa biznes yo‘nalishlarining o‘ziga xos xususiyatlariga moslashtirish zarurligi ta’kidlandi.

Tuman shtablariga yangi vakolatlar beriladi

Oilaviy va yoshlar tadbirkorligi bo‘yicha imtiyozli kredit resurslarini boshqarish vakolati tuman shtablariga o‘tkaziladi.

Ular kimga qancha kredit berish, mablag‘ni naqd yoki naqdsiz shaklda ajratish, qaytarish muddatini uzaytirish va to‘lov grafigini biznes turiga moslashtirish masalalarini mustaqil hal qiladi. Inklyuziv moliyalashtirish masalalari ham shtablar vakolatiga o‘tkaziladi.

Hozir oilaviy tadbirkorlik uchun 1 trln 370 mlrd so‘m, yoshlar tadbirkorligi uchun esa 450 mlrd so‘m kredit resursi mavjud.

Tuman shtablariga mahalliy sharoit va loyihalarning samaradorligidan kelib chiqib, moliyalashtirish masalalarini mustaqil hal etish imkoniyati beriladi.

Bundan tashqari, lider tadbirkor 10 ta oila bilan kooperatsiya qilsa, 500 mln so‘mgacha, 100 ta oila bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ysa, 5 mlrd so‘mgacha garovsiz kredit olishi mumkin bo‘ladi.

Kredit tarixida kechikishi bo‘lgan ehtiyojmandlar ham moliyalashtiriladi

Kredit tarixida kechikish bo‘lgan ehtiyojmand aholining loyihalarini individual baholash asosida imtiyozli moliyalashtirish imkoniyati yaratiladi.

Buning uchun Kambag‘allik jamg‘armasidagi 240 mlrd so‘m, Bandlik jamg‘armasidagi 100 mlrd so‘m va uchta “daftar”dagi 760 mlrd so‘m mablag‘ tuman shtablari ixtiyoriga beriladi.

Endilikda tuman shtablari subsidiya yoki foizsiz ssuda berish masalasini ham mustaqil hal qiladi.

Shuningdek, Tadbirkorlik kompaniyasining kompensatsiyalar uchun yil yakuniga qadar nazarda tutilgan 300 mlrd so‘mlik qoldig‘i ham shtablar orqali ajratiladi.

Shu tariqa tumanlar ixtiyoriga jami 3 trln 200 mlrd so‘m resurs yo‘naltiriladi. Mablag‘larning aniq natija berishiga alohida e’tibor qaratiladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Prezident yil oxirigacha 230 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish vazifasini topshirdi
/
Prezident yil oxirigacha 230 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish vazifasini topshirdi
Prezident: mahallalardagi tadbirkorlik loyihalariga 314 trln so‘m yo‘naltirildi
/
Prezident: mahallalardagi tadbirkorlik loyihalariga 314 trln so‘m yo‘naltirildi
O‘zbekistonda AES qurilishida mahalliylashtirish darajasini 30% ga yetkazish rejalashtirilmoqda
/
O‘zbekistonda AES qurilishida mahalliylashtirish darajasini 30% ga yetkazish rejalashtirilmoqda