O‘zbekistonda AES qurilishida mahalliylashtirish darajasini 30% ga yetkazish rejalashtirilmoqda

Mahalliy kompaniyalar qurilish-montaj ishlarining 65% ini bajarishi kerak

O‘zbekistonda AES qurilishida mahalliylashtirish darajasini 30% ga yetkazish rejalashtirilmoqda

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyatida integratsiyalashgan atom elektr stansiyasi (AES) qurilishi jarayoni hamda mutaxassislar uchun zamonaviy shaharcha loyihasi bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

AES qurilishining faol bosqichi 2026-yil 4-iyunda boshlangan. Hozir qurilish maydonida qariyb 450 nafar ishchi va mutaxassis hamda 100 dan ortiq maxsus texnika ishlamoqda. Loyihaning umumiy qiymati $9,5 mlrdni tashkil etadi.

Mahalliy mahsulotlar ulushini 30% gacha oshirish rejalashtirilmoqda

Loyihani amalga oshirishda qariyb 3 ming turdagi mahsulot va uskunadan foydalanish rejalashtirilgan. Hozirda mahalliy tovarlar ulushi 21% yoki qariyb $1,9 mlrdga baholanmoqda.

Prezident ushbu ko‘rsatkichni kamida 30% gacha oshirish topshirig‘ini berdi. Bundan tashqari, qurilish-montaj ishlarining 65% ini o‘zbekistonlik korxonalar bajarishi, loyihaga 7 ming nafar mahalliy ishchi va mutaxassisni jalb qilish rejalashtirilmoqda.

Mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish maqsadida Forish tumanida 200 gektar maydonda sanoat zonasi tashkil etish taklif qilindi. U yerda kamida 100 ta qo‘shma korxona joylashtirish va texnologiyalar transferi hisobiga 15 ta yo‘nalish bo‘yicha mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.

Mirziyoyev ushbu taklifni qo‘llab-quvvatladi va yil yakuniga qadar sanoat zonasi ishtirokchilariga soliq va bojxona imtiyozlari berish to‘g‘risidagi qaror loyihasini kiritish topshirig‘ini berdi.

Shuningdek, qurilish sifati va xavfsizligi Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE) talablari hamda xalqaro standartlarga javob berishi kerakligi alohida ta’kidlandi.

22–26-iyun kunlari O‘zbekistonda MAGATEning kompleks baholash missiyasi faoliyat yuritdi. Missiya yakunlariga ko‘ra, mamlakat milliy yadroviy infratuzilmasining rivojlanish holatiga yuqori baho berildi.

AES uchun 388 km elektr tarmoqlari quriladi

Loyihaning tashqi muhandislik infratuzilmasi doirasida 388 km elektr tarmoqlari va 110 kV kuchlanishli podstansiya qurilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, 21 km ichimlik suvi quvurlari va 120 km texnik suv tarmoqlari yotqiziladi. Transport qatnovini ta’minlash uchun 39,5 km avtomobil yo‘li va 11 km temir yo‘l quriladi.

Davlat rahbari ushbu infratuzilmani qurishda mahalliy tovarlar va xizmatlar ulushini 60–70% darajasida ta’minlash topshirig‘ini berdi.

AES yaqinida qariyb 33 ming aholiga mo‘ljallangan shaharcha quriladi

Stansiya xodimlari va ularning oilalari uchun alohida atom shaharchasi qurish rejalashtirilmoqda. U 200 gektar maydonda joylashtiriladi.

Shaharcha qariyb 33 ming aholiga mo‘ljallanadi. Unda 10 mingga yaqin xonadon qurish rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 3 mingi birinchi bosqichda barpo etiladi.

Turar joy massivida energiya tejamkor ko‘p qavatli uylar, maktab va bog‘chalar, tibbiyot, sport va madaniyat obyektlari, dam olish va ko‘kalamzorlashtirilgan hududlar tashkil etiladi. Qurilishda issiqlik izolyatsiyasi, muqobil energetika va “aqlli” yoritish bo‘yicha zamonaviy yechimlardan foydalaniladi.

Stansiya uchun mutaxassislar oldindan tayyorlanadi

Loyihani boshqarish va texnik nazoratni kuchaytirish maqsadida yetakchi xorijiy injiniring kompaniyalari ishtirokida qo‘shma korxona tashkil etish taklif qilindi. U texnologik yechimlarning mustaqil ekspertizasini ham amalga oshiradi.

Bundan tashqari, qariyb 1 mingta sohaviy standartni milliy tizimga moslashtirish va amaliyotga joriy etish rejalashtirilmoqda.

Stansiyada kelgusida ishlaydigan kadrlarni tayyorlashga ham alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, operatorlar, muhandislar va radiatsiyaviy xavfsizlik bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi.

Toshkentdagi Milliy tadqiqot yadro universiteti filialini 2023-yildan buyon 216 nafar talaba tamomlagan. Ularning 83 nafari Xitoy, Vengriya, Fransiya, Italiya va Janubiy Koreyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida magistratura va doktoranturada o‘qishni davom ettirmoqda. Yana qariyb 100 nafar mutaxassis hozirda mamlakatdagi to‘rtta oliy ta’lim muassasasida tayyorlanmoqda.

Prezident stansiya va shaharchani belgilangan muddatlarda, xavfsizlik va sifat talablariga rioya qilgan holda qurishni ta’minlash, shuningdek, mahalliy korxonalar ishtirokini kengaytirish hamda infratuzilma ishlari va kadrlar tayyorlash jarayonlarini uyg‘unlashtirish topshirig‘ini berdi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonga xorijiy investitsiyalar 5 yilda 2,5 barobarga oshdi — YTB
/
O‘zbekistonga xorijiy investitsiyalar 5 yilda 2,5 barobarga oshdi — YTB
“Toshkent” Respublika fond birjasi yangi brendini taqdim etdi
/
“Toshkent” Respublika fond birjasi yangi brendini taqdim etdi
Prezident 30-noyabrgacha biznesni ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish taklifini ma’qulladi
/
Prezident 30-noyabrgacha biznesni ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish taklifini ma’qulladi