Prezident: mahallalardagi tadbirkorlik loyihalariga 314 trln so‘m yo‘naltirildi
Yil boshida 2,2 mln nafarni tashkil etgan ehtiyojmand aholi soni hozir 1,5 mln nafargacha qisqargan
O‘zbekistonda ehtiyojmand aholi soni kamaydi. Bu haqda 3-sentabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, 2026-yil boshida kambag‘allik darajasi 5,8% ga tushgan va ehtiyojmand aholi soni 2,2 mln nafarni tashkil etgan. Hozirda bu ko‘rsatkich 1,5 mln nafargacha kamaygan.
Ayni paytda ishni to‘g‘ri tashkil qilgan 49 ta tuman va 3 429 ta mahalla ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylanmoqda.
Biroq qolgan 159 ta tuman va shahar hamda 5 536 ta mahallada mas’ullar faoliyatida yetarli natija yo‘qligi tanqid qilindi. Prezident barcha hududlarga bir xil vakolat, resurs va imkoniyat berilganini ta’kidlab, ulardan samarali foydalanish zarurligini qayd etdi.
Kambag‘allikni qisqartirishda mas’uliyat masalasi tanqid qilindi
Yig‘ilishda joylarda kutilgan natijaga erishilmayotganining asosiy sabablari ham tahlil qilindi. “Mahalla yettiligi” uchun mas’ul rahbarlar viloyat, tuman, shahar va mahallalardagi xodimlarga qabul qilingan qarorlarni ijro etish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar bermayotgani qayd etildi.
Ayrim rahbarlar yaratilgan sharoitlardan to‘g‘ri foydalanish va “yettilik” faoliyatiga xolis baho berishni bilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Shuningdek, tuman va mahallalarda kambag‘allik hamda ishsizlikka mas’ul xodimlarda hadik borligi, hech kim mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishni istamayotgani tanqid qilindi.
Prezident o‘tgan uch yilda mahallalardagi tadbirkorlik loyihalariga 314 trln so‘m resurs ajratilganini, biroq kreditlarning kambag‘allikni qisqartirishga ta’siri barcha tumanlarda birdek sezilmayotganini ta’kidladi.
Davlat rahbari kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha 50 yillik tajribaga ega Xitoyda ham zamon talabidan kelib chiqib, quyi tizimga doimiy ravishda aniq ko‘rsatmalar berib borilishini qayd etdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ