O‘zbekistonda Markaziy Osiyodagi ilk premium turistik poyezd — Samarkand Express ishga tushiriladi
Loyiha Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xivani bog‘lab, xorijiy sayyohlar uchun Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab yangi sayohat formatini taklif etadi
O‘zbekiston hukumati va Italiyaning Arsenale International kompaniyasi Samarkand Express premium turistik poyezdini yaratish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Uch tomonlama doiraviy bitim 16-iyun kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida imzolandi. Hujjatni Arsenale International bosh direktori Raffaele Breschi, Jamg‘arma raisi Gayané Umerova va “O‘zbekiston temir yo‘llari” boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Hikmatulla Rahmetov imzoladi.
Kelishuv loyiha doirasidagi tashabbuslarni muvofiqlashtirish va amalga oshirish mexanizmlarini belgilaydi. Ta’kidlanishicha, Samarkand Express Markaziy Osiyodagi birinchi premium turistik poyezd bo‘ladi.

Yangi turistik poyezd Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarini o‘zaro bog‘laydi. Loyiha xorijiy sayyohlarga O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosi va Buyuk ipak yo‘li obidalarini o‘rganishning yangi va qulay formatini taklif etadi.

Samarkand Express loyihasi ilk bor 2023-yil iyul oyida “O‘zbekiston temir yo‘llari” va Arsenale Group vakillari o‘rtasidagi uchrashuvda muhokama qilingan edi. O‘shanda tomonlar qo‘shma korxona tashkil etish, shuningdek, Yevropadan Xitoyga O‘zbekiston hududi orqali tranzit turistik poyezd yo‘lga qo‘yish istiqbollarini ham ko‘rib chiqqan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ