Mirziyoyev “ShHT – 2040” konsepsiyasini ishlab chiqishni taklif qildi

Shuningdek, Sanoat kooperatsiyasi xaritasini yaratish, Taraqqiyot bankini ishga tushirish tashabbuslari ham ilgari surildi

Mirziyoyev “ShHT – 2040” konsepsiyasini ishlab chiqishni taklif qildi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) Davlat rahbarlari kengashining yubiley yig‘ilishida “ShHT – 2040: umumiy taraqqiyot makoni” konseptual qarashini ishlab chiqishni taklif qildi.

1-sentabr kuni Bishkek shahrida Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov raisligida o‘tgan yig‘ilishda ShHTning 25 yillik faoliyati yakunlari, tashkilot doirasidagi hamkorlikni kengaytirish va mintaqaviy xavfsizlik masalalari muhokama qilindi.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston ShHT tashkil etilgan dastlabki kunlardan buyon uni ochiq, bloklardan xoli va tinchliksevar hamkorlik platformasi sifatida rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlab kelayotganini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, Markaziy Osiyo tashkilotning geografik va strategik o‘zagi hisoblanadi.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, ShHT mamlakatlarining insoniy, tabiiy, ishlab chiqarish va intellektual salohiyati, avvalo, xalqlar farovonligini oshirishga xizmat qilishi kerak.

“ShHT – 2040” konsepsiyasining asosiy maqsadi investitsiyalar, texnologiyalar va bilimlar erkin almashinadigan, yirik infratuzilma va sanoat loyihalari amalga oshiriladigan, mintaqalar, biznes va odamlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar kengayadigan o‘zaro bog‘liq va barqaror makonni shakllantirishdan iborat bo‘lishi taklif etildi.

ShHT Sanoat kooperatsiyasi xaritasi yaratiladi

Shavkat Mirziyoyev ShHT Sanoat kooperatsiyasi xaritasini ishlab chiqishni taklif qildi. U maxsus iqtisodiy zonalar, ishlab chiqarish jarayonlari, sotuv bozorlari va logistika tizimini yagona platformaga birlashtirishi ko‘zda tutilmoqda.

Prezidentning ta’kidlashicha, bunday tizim biznes vakillari, investorlar va davlat tashkilotlari uchun universal raqamli darcha vazifasini bajarishi mumkin.

O‘zbekistonda ayni paytda ShHT mamlakatlari bilan birgalikda 1,5 mingdan ortiq qo‘shma loyiha amalga oshirilmoqda. O‘zaro savdo va investitsiyalar hajmini oshirish bilan birga, hamkorlikni ko‘p tomonlama qo‘shilgan qiymat zanjirlarini rivojlantirishga yo‘naltirish zarurligi qayd etildi.

ShHT Taraqqiyot bankini ishga tushirish taklif qilindi

Prezident ShHT Taraqqiyot bankini amalda ishga tushirish bosqichiga o‘tish zarurligini bildirdi.

Ushbu institut faoliyati mintaqaviy ahamiyatga ega va amalga oshirishga tayyor investitsiya loyihalariga tayanishi kerakligi ta’kidlandi.

Shuningdek, Hukumat rahbarlari kengashiga transport, energetika, sanoat kooperatsiyasi va raqamli infratuzilma sohalaridagi ustuvor loyihalar portfelini shakllantirishni boshlash taklif etildi.

Toshkentda sun’iy intellekt bo‘yicha forum o‘tkaziladi

Shavkat Mirziyoyev Xitoy Raisi Si Szinpinning sun’iy intellekt sohasida hamkorlik bo‘yicha Butunjahon tashkilotini tuzish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.

O‘zbekiston Prezidenti ShHT ushbu yangi texnologik alyansning dastlabki hamkorlaridan biri bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

Shuningdek, ShHTning ochiq ko‘p tilli ma’lumotlar korpusini shakllantirish va kelgusi yili Toshkentda sun’iy intellekt hamda yangi raqamli yechimlar bo‘yicha forum o‘tkazish taklif qilindi.

Suv va energetika samaradorligi bo‘yicha dastur ishlab chiqiladi

Iqlim o‘zgarishi mamlakatlarning oziq-ovqat, suv va energetik xavfsizligiga tobora ko‘proq ta’sir ko‘rsatayotgani qayd etildi.

Shu sababli ShHT doirasida ushbu uch yo‘nalish bo‘yicha yagona kun tartibini shakllantirish va kompleks dasturlar, texnologiyalar hamda ilg‘or bilimlar almashinuvini muvofiqlashtiruvchi maxsus mexanizm yaratish taklif etildi.

2035-yilgacha suv va energetika samaradorligi sohasida ShHTning texnologik hamkorlik dasturini ishlab chiqish ham takliflar qatoridan o‘rin oldi.

Temir yo‘l makonlarini integratsiya qilish bo‘yicha kengash tuziladi

Xalqaro transport yo‘laklarining keng tarmoqli tizimini rivojlantirish maqsadida ShHTga a’zo davlatlarning temir yo‘l makonlari integratsiyasi bo‘yicha kengash ta’sis etish taklif qilindi.

Uning ustuvor vazifasi logistika infratuzilmasini rivojlantirishni muvofiqlashtirish va milliy transport tizimlarining uzviy bog‘lanishini ta’minlashdan iborat bo‘lishi belgilandi.

Afg‘oniston bilan muloqotni qayta tiklash taklif qilindi

Prezident Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash mintaqa xavfsizligi va taraqqiyoti uchun fundamental ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Shu munosabat bilan xavfsizlik va iqtisodiy hamkorlikning keng ko‘lamli masalalarini muhokama qilish uchun ShHTning Afg‘oniston bilan muntazam muloqotini qayta tiklash taklif qilindi.

Shuningdek, Toshkent shahrida Xavfsizlikka tahdid va xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha universal markazning samarali faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishi bildirildi.

Yig‘ilish yakunida Bishkek deklaratsiyasi, ShHT Xartiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi bayonnoma, yadroviy va jismoniy yadroviy xavfsizlik bo‘yicha deklaratsiya hamda hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlariga oid boshqa hujjatlar qabul qilindi.

Pokiston ShHTga raislikni qabul qilib oldi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

“Korzinka”ga yangi bosh direktor tayinlandi
/
“Korzinka”ga yangi bosh direktor tayinlandi
O‘zbekistonda naqd to‘lovlar bo‘yicha cheklov miqdori 25 mln so‘mdan 176 mln so‘mgacha oshirildi
/
O‘zbekistonda naqd to‘lovlar bo‘yicha cheklov miqdori 25 mln so‘mdan 176 mln so‘mgacha oshirildi
Bitcoin va Ethereum’ga institutsional qiziqish ortmoqda
/
Bitcoin va Ethereum’ga institutsional qiziqish ortmoqda