Markaziy bank: O‘zbekiston valyuta bozoriga bosim kuzatilmayapti

Regulyator inflyatsiya 2026-yil yakuniga borib qariyb 6,5%gacha, 2027-yilda esa maqsadli 5%gacha sekinlashishini kutmoqda

Markaziy bank: O‘zbekiston valyuta bozoriga bosim kuzatilmayapti

O‘zbekistonda makroiqtisodiy va moliyaviy barqarorlik saqlanib qolmoqda, valyuta bozoriga esa bosim kuzatilmayapti. Bu haqda Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abror Mirzo Olimov “Silk Road Finance & Technology Forum” doirasidagi panel muhokamasida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, makroiqtisodiy va moliyaviy barqarorlik xalqaro investorlarni jalb qilishning asosiy shartlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Inflyatsiya va inflyatsion kutilmalarning pasayishi xorijiy hamda ichki investorlarga o‘z faoliyatini yaxshiroq rejalashtirish imkonini bermoqda.

Olimov pandemiya davrida va undan keyingi yillarda O‘zbekistonda inflyatsiya ikki xonali darajada saqlanganini, biroq hozir u bosqichma-bosqich pasayayotganini ta’kidladi. Markaziy bank 2026-yil yakunida inflyatsiya darajasini qariyb 6,5%, 2027-yilda esa maqsadli 5% ko‘rsatkichga yetishini kutmoqda.

Olimov investitsion jozibadorlikning yana bir omili sifatida O‘zbekistonning to‘liq erkin suzuvchi valyuta kursiga o‘tganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu yil Xalqaro valyuta jamg‘armasi ham mamlakatning bunday rejimga o‘tganini e’tirof etgan.

Endilikda valyuta kursi tashqi shoklarni o‘zlashtirish mexanizmi sifatida xizmat qilmoqda. Markaziy bank hisob-kitoblariga ko‘ra, kursning yanada moslashuvchan shakllanishi xalqaro investorlarda O‘zbekistonga sarmoya kiritish bo‘yicha qaror qabul qilishda ishonchni oshiradi.

Olimov 2025-yilda milliy valyuta tarixda ilk bor dollarga nisbatan qariyb 7% mustahkamlanganini eslatdi. Joriy yilda esa regulyator valyuta bozorida hech qanday bosimni kuzatmayapti.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yuqori iqtisodiy o‘sish, inflyatsiyaning pasayishi va moslashuvchan valyuta kursining uyg‘unligi xorijiy va ichki investorlarning mamlakatga bo‘lgan ishonchi oshishiga xizmat qilishi kerak.

Olimov bank sektorini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha ishlar haqida ham ma’lumot berdi. 2025-yilda O‘zbekiston Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon banki bilan hamkorlikda moliyaviy sektorni kompleks baholashni yakunlagan.

Ushbu baholash natijalariga asoslanib, Markaziy bank bank sektoriga qo‘yiladigan talablarni xalqaro amaliyot va “Bazel III” standartlarini hisobga olgan holda takomillashtirishni rejalashtirmoqda. Bundan tashqari, bank tizimi moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (MHXS) bo‘yicha to‘liq hisobot yuritishga o‘tadi.

Markaziy bank raisi o‘rinbosari moliyaviy va makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash mamlakat iqtisodiyotiga xalqaro investitsiyalarni jalb qilish uchun regulyatorning asosiy vazifalaridan biri bo‘lib qolayotganini ta’kidladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Markaziy bank raisi jahon bozorida neft va oziq-ovqat narxlarining oshgani O‘zbekistonga ta’sir ko‘rsatmaganini qayd etdi
/
Markaziy bank raisi jahon bozorida neft va oziq-ovqat narxlarining oshgani O‘zbekistonga ta’sir ko‘rsatmaganini qayd etdi
Jahon banki gaz sizib chiqishini kamaytirish uchun $10,6 mln ajratdi
/
Jahon banki gaz sizib chiqishini kamaytirish uchun $10,6 mln ajratdi
O‘zbekiston to‘lov tizimlari WeChat va Alipay bilan integratsiyalashishi mumkin
/
O‘zbekiston to‘lov tizimlari WeChat va Alipay bilan integratsiyalashishi mumkin