Jahon banki gaz sizib chiqishini kamaytirish uchun $10,6 mln ajratdi

“O‘ztransgaz” obyektlarida gazning yillik yo‘qotish hajmi qariyb 35 mln kub metrni tashkil etadi

Jahon banki gaz sizib chiqishini kamaytirish uchun $10,6 mln ajratdi

Vazirlar Mahkamasi O‘zbekistonda tabiiy gaz sizib chiqishini kamaytirish mexanizmini yaratish loyihasi parametrlarini tasdiqladi. Uni amalga oshirish uchun Jahon banki $10,6 mln miqdorida grant ajratdi.

Loyiha Jahon banki ko‘magida amalga oshiriladi va “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini 2026-yilda amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturida nazarda tutilgan.

“O‘ztransgaz”ning gaz transporti infratuzilmasi bo‘yicha o‘tkazilgan tahlil natijasida mamlakat bo‘ylab 1 mingdan ortiq muammoli nuqta aniqlangan. Ushbu obyektlarda gaz sizib chiqishi tufayli yillik yo‘qotish hajmi qariyb 35 mln kub metrni tashkil etishi baholangan.

Loyihani amalga oshirish uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligi Jahon banki bilan $10,6 mln miqdorida grant ajratish to‘g‘risida bitim tuzgan. Shuningdek, mablag‘larni taqsimlash bo‘yicha “O‘ztransgaz” bilan subsidiar bitim imzolangan.

Tasdiqlangan parametrlarga ko‘ra, $9,6 mln gaz infratuzilmasidagi yo‘qotishlarni kamaytirish bo‘yicha tadbirlarga bevosita yo‘naltiriladi. Yana $500 ming mablag‘ sizib chiqishlarni monitoring qilish sohasidagi institutsional salohiyatni mustahkamlashga, qolgan $500 ming esa loyihani amalga oshirish guruhini tashkil etish va xorijiy ekspertlarni jalb qilishga sarflanadi.

Loyihani muvofiqlashtirish uchun Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Umid Obidxo’jayev boshchiligida idoralararo ishchi guruh tuziladi.

Hujjatda, shuningdek, gaz sizib chiqishini kamaytirish hisobiga tejalgan mablag‘lardan foydalanish tartibi ham belgilangan. Ushbu mablag‘lar gaz yo‘qotishlarini yanada kamaytirish, o‘lchash, monitoring va verifikatsiya tizimlarini joriy etish, gaz transporti infratuzilmasini modernizatsiya qilish hamda xodimlar faoliyati samaradorligini oshirishga qayta yo‘naltiriladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekiston to‘lov tizimlari WeChat va Alipay bilan integratsiyalashishi mumkin
/
O‘zbekiston to‘lov tizimlari WeChat va Alipay bilan integratsiyalashishi mumkin
O‘zbekiston va Ozarbayjon neft mahsulotlarini birgalikda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi mumkin
/
O‘zbekiston va Ozarbayjon neft mahsulotlarini birgalikda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi mumkin
Yarim yilda O‘zbekistonning davlat qarzi $48,3 mlrdga yetdi
/
Yarim yilda O‘zbekistonning davlat qarzi $48,3 mlrdga yetdi