Toshkentda qurilishga ruxsat berishdan oldin har bir mahalla infratuzilmasi hisoblanadi
Maktab, bog‘cha, poliklinika, yashil hudud va avtoturargohlarga ehtiyoj aniqlangandan keyin qurilishga ruxsat beriladi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Toshkentda qurilishga ruxsat berish tartibi o‘zgartirilishi rejalashtirilmoqda. Endilikda har bir kvartal bo‘yicha maktab, bog‘cha, poliklinika, yashil hudud va avtoturargohlarga bo‘lgan ehtiyoj oldindan hisoblab chiqiladi. Bu haqda poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqov UzAga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Hokimning so‘zlariga ko‘ra, mazkur yondashuv Toshkentda “15 daqiqalik shahar” konsepsiyasini joriy etish bilan bog‘liq. Unga ko‘ra, kundalik ehtiyoj uchun zarur bo‘lgan maktab, bog‘cha, poliklinika, savdo, sport va dam olish obyektlari aholi yashash joyidan piyoda yoki velosipedda 15 daqiqada yetib boriladigan masofada bo‘lishi kerak.
Umurzoqov ushbu konsepsiyaning asosiy maqsadlaridan biri transport yuklamasini kamaytirish ekanini ta’kidladi. Hozirda Toshkent aholisi 3,1 mln kishidan oshgan, poytaxt yo‘llarida esa har kuni 1 mlndan ortiq avtomobil harakatlanadi.
2025-yilda aholi daromadlari real hisobda 15,5% ga oshgan. Hokimning qayd etishicha, bu avtomobillarga bo‘lgan talabning yanada ortishiga olib kelishi mumkin.
Agar kundalik xizmatlar yashash joyiga yaqinlashtirilsa, har bir oila kuniga kamida bitta ortiqcha safardan voz kechishi mumkin.
Bu millionlab safarlarning oldini oladi, — dedi Umurzoqov.
Shuningdek, Toshkentda nuqtaviy qurilishdan kompleks master-rejalarga o‘tish rejalashtirilmoqda. Har bir kvartal bo‘yicha aholi sonidan kelib chiqib, zarur ijtimoiy va shahar infratuzilmasi hajmi oldindan belgilanadi.
Shundan keyingina maktab, bog‘cha, poliklinika, yashil hudud va avtoturargohlarga bo‘lgan ehtiyoj hisobga olinib, qurilishga ruxsat beriladi.
Toshkent — mamlakatdagi qurilish ishlarining qariyb 25% to‘g‘ri keladigan shahar. Endilikda bu hajmni sifat bilan muvozanatlashtirish zarur, — deya ta’kidladi poytaxt hokimi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ