Shikastlangan davlat raqamini onlayn almashtirish xizmati yo‘lga qo‘yildi
Xizmat uchun to‘lov bazaviy hisoblash miqdoriga asoslangan holda hisoblanadi
Фото: buy-number.ru
O‘zbekistonda avtotransport vositasining shikastlangan yoki yaroqsiz holga kelgan davlat raqami belgisini onlayn tarzda almashtirish xizmati joriy etildi. Bu haqda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, endi fuqarolar davlat raqamini almashtirish uchun navbatda turmasdan, my.gov.uz portali orqali ariza yuborishi mumkin.
Xizmatdan foydalanish uchun fuqaro portal orqali “Shikast yetgan avtotransport vositasining davlat raqami belgisini tiklash” xizmatni tanlab, arizani to‘ldirishi va shikastlangan davlat raqami belgisining fotosuratini ilova qilishi kerak.
Ariza vakolatli organ tomonidan ko‘rib chiqilgach, arizachiga to‘lov uchun invoys yuboriladi. To‘lov amalga oshirilgandan so‘ng, fuqaro belgilangan hududiy bo‘linmaga borib, eski raqamni topshiradi va yangisini oladi.
Ma’lum qilinishicha, xizmat uchun to‘lov bazaviy hisoblash miqdoriga asoslangan. Bir juft davlat raqami (oldi va orqa) uchun 1 mln 854 ming so‘m (4,5 BHM), bir dona raqam uchun esa 927 ming so‘m (2,25 BHM) to‘lanadi.
Shuningdek, ariza yuborishda raqamning holati aniq aks etgan fotosurat yuklash tavsiya etiladi. Bu arizani ko‘rib chiqish jarayonini tezlashtiradi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ