BAA kompaniyalari O‘zbekistonda yirik energiya saqlash tizimlari quradi
“Masdar” va “AMEA Power” bilan umumiy quvvati 1000 MVt dan ortiq bo‘lgan ikki loyiha bo‘yicha kelishuv imzolandi
Foto: Energetika vazirligi
BAAning “Masdar” va “AMEA Power” kompaniyalari O‘zbekistonda energiya saqlash tizimlarini quradi. Bu haqda Abu Dabida bo‘lib o‘tayotgan ENACT Majlis va ADIPEC-2025 sun’iy intellekt va energetika sohasiga oid xalqaro forumlar doirasida kelishuvga erishildi, deb xabar bermoqda Energetika vazirligi.
Forum doirasida BAAning “Masdar” kompaniyasi bilan Navoiy viloyatida 300 MVt/600 MVt·soat va “AMEA Power” kompaniyasi bilan 200 MVt/800 MVt·soat quvvatli 2 ta energiya saqlash tizimini qurish bo‘yicha shartnomalar imzolandi, — deyiladi vazirlik xabarida.
Shuningdek, tadbirlar doirasida BAA Sanoat va ilg‘or texnologiyalar vaziri Sulton Ahmad Al-Jobir, Energetika va infratuzilma vaziri Suhayl al-Mazruiy, “Etihad Waters”, “XRG”, “Global South Utilities”, “Siemens Energy” (Germaniya), “Honeywell Global Regions”, “Honeywell Process Solutions” va “SLB” (AQSh), “BP” (Buyuk Britaniya) hamda boshqa hamkor kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazilgan.
Qayd etilishicha, uchrashuvlarda O‘zbekiston-BAA o‘rtasida “yashil” energetika va neft-gaz sohalarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, erishilgan natijalar hamda istiqboldagi rejalar muhokama qilingan.
Vazirlik qayd etilishicha, bugungi kunda Masdar kompaniyasi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda umumiy quvvati 1247 MVt bo‘lgan 5 ta quyosh va 500 MVt quvvatli 1 ta shamol elektr stansiyasi hamda 63 MVt quvvatli 1 ta energiya saqlash tizimi ishga tushirilgan va barqaror “yashil” energiya ishlab chiqarilmoqda. Bundan tashqari, Qashqadaryo viloyatida quvvati 300 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi barpo etilmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ