2026-yilda O‘zbekistonda majburiy avtosug‘urta summasi ikki baravar oshiriladi
Kelgusi yilning 1-aprelidan Yagona sug‘urta billing tizimi joriy etiladi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekistonda transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta summasi 80 mln so‘mgacha oshiriladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 23-iyuldagi qarorida belgilandi.
Unga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan boshlab transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta summasini 80 mln so‘mgacha oshirilishi belgilandi (amalda 40 mln so‘m).
Aktuar hisob-kitoblar asosida sug‘urta tariflari qayta ko‘rib chiqilib, sug‘urta summalari va mukofotlari bozor tamoyillariga muvofiqlashtirildi. Haydovchilar soniga qarab cheklangan va cheklanmagan polislarni rasmiylashtirish mexanizmi belgilandi. Bunda aybdor deb topilgan sug‘urta qildiruvchining sug‘urtalovchisi tomonidan sug‘urta da’volari va boshqa nizolarni ko‘rib chiqish tartibi aniqlashtirildi.
Sug‘urta to‘lovlarini kafolatlash jamg‘armasiga transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtasi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan huquqiy maslahat hamda YTH to‘g‘risidagi xabarnoma bilan bog‘liq adjasterlik xizmatini ko‘rsatish funksiyasi qo‘shildi.
Majburiy sug‘urtalash majburiyatining bajarilishini nazorat qilish uchun mas’ul organlar va Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimini yuritish tartibi aniqlashtirildi. Manfaatdor davlat organlari bilan majburiy sug‘urta bo‘yicha elektron ma’lumot almashinuvi yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.
Hujjatga ko‘ra, 2026-yil 1-apreldan Yagona sug‘urta billing tizimi joriy etiladi. Bu polislarni rasmiylashtirishda sug‘urta mukofotlari tushumlarining markazlashtirilgan hisobini yuritilishini ta’minlaydi.
Fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilmagan shaxslarni ma’muriy javobgarlikka tortish mexanizmlarini takomillashtirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish ham topshirildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ