O‘zbekistonda magistral suv ta’minoti uchun $1,3 mlrd investitsiya jalb qilinadi
Shuningdek, 2027-yil 1-apreldan budjet tashkilotlari uchun yagona suv tarifi joriy etilishi mumkin
Фото: пресс-служба президента
Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 20-iyul kuni suv ta’minoti korxonalarining moliyaviy barqarorligini ta’minlashga doir takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Taqdimotda amaldagi tariflar xizmatlarning haqiqiy tannarxini to‘liq qoplamayotgani, shuningdek, hududlar o‘rtasidagi katta tarif tafovuti sohaga investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatlarini pasaytirayotgani ta’kidlandi.
Shu munosabat bilan ichimlik suvini ishlab chiqarish va uni iste’molchilarga yetkazib berish vazifalarini ajratish, shuningdek, Magistral suv ta’minoti bo‘yicha alohida korxona tashkil etish taklif etildi. Mazkur korxona hududiy suv ta’minoti tashkilotlarini yagona ulgurji tarif asosida ichimlik suvi bilan ta’minlaydi.
Shuningdek, ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlari tariflarini shaffof hamda iqtisodiy asoslangan mezonlar asosida belgilaydigan Idoralararo tarif komissiyasini tashkil etish rejalashtirilgan. 2027-yil 1-apreldan boshlab budjet tashkilotlari uchun yagona tarifni joriy etish ko‘zda tutilgan.
Taqdimotda qayd etilishicha, demografik va iqtisodiy o‘sish natijasida 2030-yilga borib mamlakatda ichimlik suviga bo‘lgan talab hozirgi 941 mln kub metrga nisbatan yana 230 mln kub metrga ortadi. Bu suv resurslarini aniq hisobga olish va yo‘qotishlarni qisqartirishni taqozo etadi.
Shu munosabat bilan prezident iste’molchilar bilan hisob-kitoblarni to‘liq onlayn shaklga o‘tkazish, shuningdek, shaharlar va tuman markazlaridagi barcha iste’molchilardan masofadan ma’lumot uzatuvchi zamonaviy suv hisoblagichlari bilan ta’minlash bo‘yicha vazifalarni belgiladi.
Shuningdek, suv inshootlari va tarmoqlarining raqamli xaritasini yaratish, SCADA, GIS, telemetriya hamda yagona billing tizimini keng joriy etish orqali suv yo‘qotishlarini 35% dan 25% gacha qisqartirish vazifasi qo‘yildi.
Taqdimotda, shuningdek, sun’iy intellekt yordamida nasos uskunalari faoliyatini tahlil qilish, avariyalar va suv sizib chiqish holatlarini oldindan aniqlash, suv iste’moli hajmini prognoz qilish hamda fuqarolar murojaatlarini tezkor ko‘rib chiqishga qaratilgan loyihalar ham namoyish etildi.
Kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida alohida fakultet ochish taklif etildi. Shuningdek, hududlardagi texnikumlar bazasida ichimlik va oqova suv yo‘nalishida dual ta’limni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.
Taqdimotda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2017-yildan buyon sohaga jalb qilingan investitsiyalar hajmi 10 barobar oshib, $2,7 mlrdga yetgan. Markazlashtirilgan ichimlik suvi ta’minoti bilan qamrov darajasi esa 63% dan qariyb 83% gacha oshgan.
Shu davr mobaynida 7,7 mln nafar aholi birinchi marta markazlashtirilgan ichimlik suvi bilan ta’minlandi, 11 mln nafarning suv ta’minoti yaxshilandi, yana 1,1 mln nafar kanalizatsiya tizimiga ulandi.
39 ming kilometr ichimlik suvi tarmoqlari va 3,2 ming kilometr kanalizatsiya tarmoqlari qurildi hamda rekonstruksiya qilindi. Shuningdek, 3,4 mingta ichimlik suvi inshooti, 295 ta kanalizatsiya inshooti va nasos stansiyasi barpo etildi yoki modernizatsiya qilindi.
Kelgusi yillarda aholini ichimlik suvi bilan qamrab olish darajasini 90% ga, shaharlarda kanalizatsiya xizmatlari bilan qamrovni esa 80% ga yetkazish maqsad qilingan. Buning uchun qo‘shimcha $1,3 mlrd investitsiya jalb etish rejalashtirilmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ