“Keshbek tizimi qancha tez bekor qilinsa, shuncha yaxshi” — Fiskal tahlillar instituti vakili

Institut vakili amaldagi 1% lik soliq keshbeki tizimi o‘z vazifasini bajarganini ta'kidlab, uni lotoreya tizimiga o‘tkazishni taklif qildi

“Keshbek tizimi qancha tez bekor qilinsa, shuncha yaxshi” — Fiskal tahlillar instituti vakili

Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq va bojxona ma’murchiligini takomillashtirish, fiskal tahlillar instituti direktori o‘rinbosari Dilshod Sultonov 1% lik soliq keshbeki amaliyotini tezroq to‘xtatishga chaqirdi.

Keshbek to‘lash tizimi qancha tez bekor qilinsa, shuncha yaxshi. Chunki 80% pul shundoq ham chek beradigan tashkilotlar (mijozlari)ga ketyapti — bular katta supermarketlar, katta ovqatlanish shoxobchalariga to‘g‘ri keladi. Shu sababli keshbek tizimini olib tashlab, fuqarolar o‘rtasida yutuqli o‘yin o‘tkazishni taklif qilyapmiz. Hozir 20 mln so‘mgacha qiymatdagi cheklarni urish mumkin, bu limitni olib tashlaylik, odamlar istalgancha chek ursin va lotereya asosida 200 mlnlik mashina beraylik, degan u “Kun.uz”ga bergan intervyusida.

Uning aytishicha, institut 20% soliq to‘lovchi nazorati uchun byudjetdan har yili $150 mln ajratishda ma’no ko‘rmayapti.

Bu boshidan vaqtinchalik chora edi, odamlarda chek so‘rash madaniyatini shakllantirmoqchi edik. O‘ylaymanki, bu samara berdi. Hozir o‘g‘riliklar ko‘payyapti, qalbaki cheklarni o‘tkazish holatlari bor, cheklarni sotish boshlandi. Yiliga $150 mln keshbek to‘lanyapti, bu 120 o‘rinli 300 ta bog‘cha degani, dedi u.

Dilshod Sultonovning qo‘shimcha qilishicha, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamga qo‘y, mol va parranda go‘shti mahsulotlari, tuxum, o‘simlik yog‘i, un, shakar, dori vositalari hamda tibbiy xizmatlar bo‘yicha amalga oshirilgan xaridlar uchun odatdagi 1% lik keshbek o‘rniga xarid summasida to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ining to‘liq miqdori (12%) qaytarilishi tartibi bekor qilinmaydi.

Biz hammaga birdek go‘sht uchun QQSdan imtiyoz bera olmaymiz, kambag‘al qatlam haftasiga yarim kilo go‘sht olsa, boylar bir haftada 5-10 kg olishi mumkin. Bu imtiyoz boylar uchun xizmat qilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bu tizim maqsadli ishlagani uchun u davom etadi, faqat takomillashtiramiz. Sababi soxta cheklar orqali QQSni qaytarib olish holatlari avj oldi, deydi Dilshod Sultonov.

Institut ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilda 1 foizlik soliq keshbeki to‘lovlari hajmi 820 mlrd so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2026-yilda bu mablag‘ 1,8 trln so‘mga yetishi mumkin. 2026-yilda bog‘chalar qurilishi uchun davlat byudjetidan bundan ikki barobar kam — 900 mlrd so‘m mablag‘ ajratish rejalashtirilgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda QQSdan ozod etiladigan 516 turdagi qishloq xo‘jaligi mahsuloti ro‘yxati tasdiqlandi
/
O‘zbekistonda QQSdan ozod etiladigan 516 turdagi qishloq xo‘jaligi mahsuloti ro‘yxati tasdiqlandi
Raqobat qo‘mitasi mahalliy brendlar duch kelayotgan muammolar bo‘yicha murojaatlar qabul qilishni boshladi
/
Raqobat qo‘mitasi mahalliy brendlar duch kelayotgan muammolar bo‘yicha murojaatlar qabul qilishni boshladi
Toshkent va Toshkent viloyatini bog‘lovchi yangi yo‘l o‘tkazgich foydalanishga topshirildi
/
Toshkent va Toshkent viloyatini bog‘lovchi yangi yo‘l o‘tkazgich foydalanishga topshirildi