UzNIF aktivlari qiymati $2,6 mlrdga yetdi
Ijobiy natijalar fonida tashkilotning London birjasidagi global depozitar qimmatli qog‘ozlari tarixiy maksimum darajaga yetdi
Фото: Kapital.uz
2026-yilning birinchi yarmi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) sof aktivlari qiymati 9,2% ga oshdi. Bu haqda jamg‘arma boshqaruvchisi “Franklin Templeton” e’lon qilgan hisobotda keltirilgan.
2026-yil 30-iyun holatiga ko‘ra, sof aktivlar qiymati $2,6 mlrd yoki qariyb 32 trln so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich yil boshiga nisbatan 9,2% ga yuqori.
Portfel qiymatining oshishiga eng katta hissa “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” (5,2%), “O‘zbektelekom” (4,5%) hamda “Issiqlik elektr stansiyalari” (3,5%) aksiyalarining qimmatlashuvi hisobiga to‘g‘ri keldi. “O‘zsanoatqurilishbank” (1,2%), “O‘zbekinvest” sug‘urta kompaniyasi (0,3%) va “O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi” (0,1%) aksiyalarida esa nisbatan mo‘tadil o‘sish kuzatildi.
Shuningdek, “Franklin Templeton” bir qator ommaviy kompaniyalar aksiyalarining qiymatini qayta baholadi. Jumladan, “O‘zbektelekom”ning bir dona aksiyasi qiymati 17,5 ming so‘mdan 22,72 ming so‘mga, “O‘zsanoatqurilishbank” aksiyalari 40 so‘mdan 44 so‘mga, “O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi” aksiyalari esa 6,86 ming so‘mdan 7,12 ming so‘mga oshirildi.
“Franklin Templeton” vakillarining ta’kidlashicha, “O‘zbektelekom” qiymatining qayta baholanishiga mobil va simli aloqa xizmatlari daromadlarining kutilganidan yuqori o‘sishi, rentabellikning yaxshilanishi hamda mamlakatdagi qulay makroiqtisodiy vaziyat sabab bo‘lgan.
“Issiqlik elektr stansiyalari” aktivlari qiymati esa Taxiatosh korxonasining qo‘shilishi, Muborak IESda 2030-yilgacha 300 megavattli yangi energoblok ishga tushirilishi hisobga olingani hamda moliyaviy oqimlarni barqarorroq qiladigan yangi tarif modeli joriy etilishi tufayli oshgan.
“O‘zsanoatqurilishbank” bo‘yicha tavakkalchiliklarning pasayishi ijobiy ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa-da, foiz marjasining qisqarishi ushbu omilni qisman qoplagan. Shuningdek, Markaziy bankning aktivlar va kapital hisob-kitobiga oid yangi talablari kelgusida dividend to‘lovlariga bosim o‘tkazishi mumkinligi qayd etilgan.
Jamg‘arma portfelidagi eng katta ulush 18,25% bilan “O‘zbektelekom” ga to‘g‘ri keladi. Kompaniyaning 30 foizlik paketi $479,3 mlnga baholangan. Ikkinchi o‘rinda 15,21% ulush bilan “Uzbekistan Airways” bo‘lib, aviakompaniyaning 25% aksiyalari $399,5 mlnga baholangan. Uchinchi o‘rinni esa 13,53% ulush bilan “O‘zsanoatqurilishbank” egallagan, bankning 40% lik paketi $355,2 mln deb baholangan.
Sof aktivlar qiymatining oshishi fondning bozor kotirovkalariga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. 20-iyul kuni ko‘rsatkichlar o‘sishi e’lon qilingach, London fond birjasida O‘zNIFning global depozitar tilxatlari narxi 10,6% ga oshib, $34,5 ga yetdi. Savdo yakunida narx $33 darajasida shakllandi.
Yakuniy hisobot e’lon qilingach, investorlar talabi yana ortdi. Navbatdagi savdo sessiyasida depozitar tilxatlar narxi tarixiy maksimum — $34,85 ga ko‘tarildi, bu esa dastlabki joylashtirish narxidan 39,4% yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Savdo yakunida narx $34,5 darajasida qayd etildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ