Raqobat qo‘mitasi mahalliy brendlar duch kelayotgan muammolar bo‘yicha murojaatlar qabul qilishni boshladi
Mahalliy brendlar demping, qalbaki mahsulotlar va boshqa raqobatga zid holatlar bo‘yicha yozib qoldirishlari mumkin
Raqobat qo‘mitasi Prezident topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida milliy brendlarni qo‘llab-quvvatlash va mahalliy ishlab chiqaruvchilar faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha tadbirkorlardan murojaatlar qabul qilishni boshladi.
Qo‘mita ma’lum qilishicha, ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar faoliyatida uchrayotgan insofsiz raqobat holatlari bo‘yicha taklif va shikoyatlar qabul qilinadi. Jumladan, demping narxlarni qo‘llash, tovar belgisini qalbakilashtirish, milliy brend obro‘siga putur yetkazish, noto‘g‘ri taqqoslash, tijorat sirini noqonuniy qo‘lga kiritish yoki oshkor etish, shuningdek, tovar va moliya bozoriga kirishga to‘sqinlik qilish bilan bog‘liq holatlar murojaat mavzusi bo‘lishi mumkin.
Bundan tashqari, tadbirkorlar import qilinayotgan kontrafakt mahsulotlar, faoliyat yuritishdagi byurokratik to‘siqlar, ichki va tashqi bozorlarga chiqishdagi muammolar hamda raqobatni cheklayotgan boshqa omillar yuzasidan ham murojaat yo‘llashi mumkin.
Murojaatlar Qo‘mitaning rasmiy Telegram boti — @rquzbot orqali qabul qilinadi.
Raqobat qo‘mitasi barcha murojaatlar o‘rganilib, aniqlangan muammolarni bartaraf etish yuzasidan tegishli choralar ko‘rilishini ma’lum qildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ