O‘zini o‘zi band qilish maqomi nimani anglatadi, uning qanday foydalari bor

Qanday qilib o‘zini o‘zi band qilish mumkin

O‘zini o‘zi band qilish maqomi nimani anglatadi, uning qanday foydalari bor

2025-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 4,4 mlndan ortiq o‘zini o‘zi band qilganlar ro‘yxatga olingan bo‘lib, shundan 42% qismi ayollar, 58% qismi erkaklar tashkil qilmoqda.

Mazkur maqolada o‘zini o‘zi band qilganlar kim, ushbu maqomni qanday olish mumkin va nima uchun bu turda faoliyat olib borish afzalroqligi haqida batafsil to‘xtalamiz. 

O‘zini o‘zi band qilish maqomi nimani anglatadi va bu kimlarga beriladi?

O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar — o‘z ishini o‘zi topib, uni o‘zi bajarish orqali daromad ko‘radigan jismoniy shaxslardir. Ular Repetitorlar, enagalar, santexniklar, elektrchilar, sartaroshlar, kuryerlar, avtomobil yuvuvchilari, hunarmandlar, farroshlar, tikuvchilar, dasturchilar va yana ko‘plab kasb egalari bo‘lishlari mumkin.

Ularning faoliyati «O‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida faoliyatni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida nizom» bilan tartibga solinadi. 2025-yil holati bo‘yicha 104 turdagi faoliyat bilan o‘zini o‘zi band qilish mumkin. Xohishga ko‘ra, ularning bir nechtasini birvarakayiga tanlash mumkin.

Mehnatga layoqatli yoshdagi har bir jismoniy shaxs, yakka tartibdagi tadbirkorlardan tashqari, o‘zini o‘zi band qilishi mumkin. O‘zini o‘zi band qiluvchilar yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tishlari shart emas.

Mehnat shartnomasi bilan ishlash bilan bir vaqtda o‘zida o‘zini o‘zi band qilish ham mumkin. Muhimi, asosiy ishdagi faoliyat turi o‘zini o‘zi band qilish uchun ruxsat berilgan faoliyat turlari ro‘yxatiga kirmagan bo‘lishi kerak. Masalan, kun bo‘yi mehnat shartnomasi asosida kotibalik bilan shug‘ullanish, kechasi o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida matn yozish bo‘yicha xizmatlarni (kopirayting) ko‘rsatish mumkin.

O‘zini o‘zi band qilishning qanday foydalari bor?

Buning foydali ekanligiga bir qancha sabablar bor.

  1. Uydan ishlashning qonuniy imkoniyati. O‘zini o‘zi band qilganlar soliq tekshiruvlari, jarimalar va noqonuniy tadbirkorlik faoliyati bo‘yicha ayblovlardan qo‘rqmasliklari mumkin.
  2. Tasdiqlangan ish staji va pensiya. O‘zini o‘zi band qilganlarning ish staji ketaveradi, shuning uchun keksalikda kafolatlangan pensiya naqd deb hisoblash mumkin.
  3. Rasmiy daromad. Iste’mol kreditlari, imtiyozli qarzlar olish, shuningdek, soliq imtiyozlarini qo‘llash mumkin.
  4. Minimal soliq. Daromad solig‘i yoki boshqa yig‘imlar yo‘q. Bir yilda BHMning 1 baravari miqdorida ijtimoiy soliq to‘lash kifoya.
  5. O‘ziga o‘zi xo‘jayin. O‘zini o‘zi band qiluvchilar uchun mehnat shartnomasi, rahbar va qat’iy ish jadvali yo‘q. Sevimli ish bilan xohlagan vaqtda shug‘ullanish va bundan qonuniy daromad olish mumkin.
  6. Mijozlar bazasini kengaytirish. O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar yuridik shaxslardan pul o‘tkazish yo‘li bilan to‘lovlarni qabul qilish uchun bankda osongina hisob ochishlari mumkin. Bundan tashqari, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganlik mijozlarda ishonchni uyg‘otadi.
  7. Minimal hujjatlar. O‘zini o‘zi band qilganlar yakka tartibdagi tadbirkorlar singari buxgalteriya hisobini yuritish, hisobot yuborish yoki soliq deklaratsiyasini topshirishlari shart emas. Daromad va xarajatlarni ixtiyoriy ravishda Soliq ilovasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatib borishlari mumkin.

Qanday soliq va majburiy to‘lovlarni to‘lash kerak?

O‘zini o‘zi band qilish faoliyatidan olingan barcha daromadlar jismoniy shaxslar daromad solig‘iga (JSHDS) tortilmaydi: qancha topsa ham o‘zida qoladi. Bir yilda bir marta BHMning 1 baravari — 2025-yilning ynavar oyi holatida 375 ming so‘m — miqdorida ijtimoiy soliq to‘lashning o‘zi kifoya qiladi. To‘lovni har qanday to‘lov tizimi orqali amalga oshirish mumkin.

O‘zini o‘zi band qiluvchilar hech qanday sug‘urta va boshqa yig‘imlarni to‘lamaydilar.

Muhim: o‘zini o‘zi band qilganlarning ruxsat berilgan faoliyat turlari ro‘yxatidagi faoliyatdan olingan daromadlarigina JSHDS to‘lashdan ozod qilinadi. Agarda daromad boshqa faoliyat turidan olingan bo‘lsa, ulardan JSHDS to‘lash kerak bo‘ladi.

O‘zini o‘zi band qilib kimlar bilan ishlash mumkin? Qanday qilib?

O‘zini o‘zi band qilganlar boshqa jismoniy shaxslarga og‘zaki kelishuv asosida ish yoki xizmatlarni taqdim etishlari mumkin. Yuridik shaxslar bilan esa ular faqatgina bir martalik ish yoki xizmatni ko‘rsatish uchun yozma shartnoma tuzgan holda ishlashlari mumkin. Bitta katta hajmli ishni bajarish kerak bo‘lsa, uni bir necha qismlarga bo‘lib bajarishga to‘g‘ri keladi. Shartnomaning muayyan tasdiqlangan shakli yo‘q: uni yuristlar bajariladigan ish yoki xizmatning o‘ziga xosligidan kelib chiqqan holda tuzadilar.

Bunda o‘zini o‘zi band qilganlar barcha ishlarni mustaqil ravishda bajarishlari kerak: yollanma ishchilar mehnatidan foydalanish mumkin emas.

Tovar yoki xizmatlar uchun to‘lovlarni qanday ko‘rinishda qabul qilish mumkin?

O‘zini o‘zi band qilganlar to‘lovlarni har qanday ko‘rinishda: naqd, terminal yoki bank o‘tkazmalari orqali qabul qilishlari mumkin. Terminalni bankdan ijaraga olish mumkin. Bankda hisob raqami ochish va yuridik shaxslar bilan pul o‘tkazish yo‘li bilan ishlash mumkin.

Oylik daromad bo‘yicha qanday cheklovlar mavjud?

O‘zini o‘zi band qilganlarda oylik yoki yillik daromad bo‘yicha hech qanday cheklovlar mavjud emas. O‘zini o‘zi band qiluvchi sifatida oyiga 10 mln so‘m ishlab topsangiz ham, hech kim faoliyatingizni to‘xtatib, YATT yoki MCHJ ochishga majburlamaydi. Ammo 2025-yil 1-yanvardan boshlab o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning faoliyati natijasida olgan daromadi 100 mln so‘mdan oshganda, yakka tartibdagi tadbirkorlar YaTT kabi soliq tolashga otishi belgilandi. Daromadi 100 mln so‘mdan oshgan, lekin 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar AOS to‘lovchilari hisoblanadi.

AOS — aylanmadan olinadigan soliq. Bu turdagi soliqda kompaniyaning yalpi tushumidan 4% miqdorida mablag’ undiriladi

O‘zini o‘zi band qilish maqomini qanday olish mumkin va bu qanchaga tushadi?

O‘zini o‘zi band qilish uchun to‘lov yo‘q. Buning uchun ikki yo‘l bilan ro‘yxatdan mumkin:

Cheklanmagan muddatga ro‘yxatdan o‘tiladi. Anketalar to‘ldirilganidan keyin o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tganlik to‘g‘risida QR-kodli ma’lumotnoma beriladi. Shu yerning o‘zidan ijtimoiy soliqni ham to‘lash mumkin, buning uchun plastik kartochkasi hisob raqami va amal qilish muddatini kiritish kifoya.

Ish staji va pensiya qanday hisoblanadi?

Prezident qaroriga koʻra, fuqarolar belgilangan 104 turdagi mehnat faoliyati bilan shugʻullansa hamda oʻrnatilgan tartibda oʻzini-oʻzi band qilgan shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtib, bazaviy hisoblash miqdorining kamida bir barobari (375 ming soʻm)da ijtimoiy soliq toʻlovini toʻlasa, 1 yillik ish staji hisoblanadi.

Shunda 7 yil davomida har yili Pensiya jamgʻarmasiga ijtimoiy soliq toʻlovini amalga oshirgan shaxs kelgusida pensiya olish huquqiga ega boʻladi. Pensiya miqdori ish haqi va ish stajiga bogʻliq.

O‘zini o‘zi band qilganlar uchun pensiya miqdori yakka tartibdagi tadbirkorlarniki kabi hisoblanadi. Pensiya yoshiga yetgan vaqtda zarur ish staji mavjud bo‘lsa, pensiya minimal miqdorda — 920 ming so‘m bo‘ladi. Agarda ish staji yetarli bo‘lmasa, davlat har oyda 745 ming so‘m miqdorida nafaqa to‘laydi.

Kasal bo‘lganda yoki mehnat qobiliyatini yo‘qotganda nima qilish kerak?

O‘zini o‘zi band qilganlar uchun davolanish va mehnat ta’tillari yo‘q: kasal bo‘lib qolsa va ma’lum bir muddat ishlay olmasa, hech kim yo‘qotilgan pullarni to‘lab bermaydi.

Mehnat faoliyatini uzoq muddatga to‘xtatish kerak bo‘lib qolsa, bu haqda soliq organini ogohlantirish kerak bo‘ladi. Shundan keyin ishlamagan vaqtlari uchun ijtimoiy soliqni to‘lamasa ham bo‘ladi. Bu vaqt davomida ish staji ham hisobga olinmaydi.

O‘zini o‘zi band qilganlarga nima mumkin, nima mumkin emas?

O‘zini o‘zi band qilganlar quyidagilarni qilishlari mumkin:

  • ro‘yxatdagi bir yoki bir nechta faoliyat turlari bilan shug‘ullanish;
  • ishni faqat mustaqil ravishda bajarish;
  • naqd, terminal va pul o‘tkazmasi orqali to‘lovni qabul qilish;
  • jismoniy va yuridik shaxslar bilan faqat bir martalik ish yoki xizmatlarni bajarish uchun ishlash;
  • mijoz bilan og‘zaki yoki yozma shartnoma tuzish;
  • chet ellik buyurtmachilar bilan shartnoma tuzmasdan ishlash;
  • norezidentlardan chet el valyutasida ishlar uchun to‘lovni qabul qilish.

Quyidagilar o‘zini o‘zi band qilganlarga mumkin emas:

  • ruxsat berilgan faoliyat turlari ro‘yxatida ko‘rsatilmagan faoliyat bilan shug‘ullanish;
  • yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lish;
  • o‘z faoliyat turi bo‘yicha kimningdir qo‘lida ishlash;
  • xodimlar yollash;
  • jismoniy va yuridik shaxslarga katta hajmli ish yoki xizmatni uzoq muddat davomida ko‘rsatish.

Chet ellik buyurtmachilar bilan qanday ishlash va ulardan to‘lovlarni qanday qabul qilish kerak?

O‘zini o‘zi band qilganlar chet ellik jismoniy shaxslar va yuridik shaxslar bilan shartnoma tuzmasdan ishlashlari mumkin. Ommaviy ofertani qabul qilish, elektron xabar almashish yoki, jumladan, elektron shakldagi hisob-fakturalar (invoyslar) ishlash uchun asos bo‘lishi mumkin.

Bajarilgan ishlar uchun xorijdagi norezidentlardan to‘lovlarni O‘zbekiston banklaridagi hisob raqamiga xorijiy valyutada qabul qilish mumkin. Bunda yakka tartibdagi tadbirkorlar yoki yuridik shaxslar singari Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga bu haqdagi ma’lumotlarni kiritishga hojat yo‘q. Olingan mablag‘larni o‘z bankida xorijiy valyutada naqd qilib olish va undan o‘z ehtiyojlari uchun foydalanish mumkin.

O‘zini o‘zi band qilish maqomidan qanday voz kechish va faoliyatni to‘xtatish mumkin?

O‘zini o‘zi band qilish maqomidan istalgan vaqtda voz kechish va faoliyatni to‘xtatish mumkin. Buning uchun Soliq mobil ilovasi orqali soliq organini xabardor qilish kerak bo‘ladi. Buni faoliyatni to‘xtatgunga qadar amalga oshirish lozim. Keyinroq soliq organlari xodimlari o‘zini o‘zi band qilish maqomini DSQ bazasidan o‘chirishadi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Reuters: Yevropa Ittifoqi Usmonovning singlisidan sanksiyalarni olib tashladi
/
Reuters: Yevropa Ittifoqi Usmonovning singlisidan sanksiyalarni olib tashladi
Qarshi shahrini deyarli ikki barobarga kengaytirish rejalashtirilmoqda
/
Qarshi shahrini deyarli ikki barobarga kengaytirish rejalashtirilmoqda
O‘zbekistonda dollar kursi ketma-ket ikkinchi kun o‘smoqda
/
O‘zbekistonda dollar kursi ketma-ket ikkinchi kun o‘smoqda