2025-yil 1-apreldan kambag‘al oila vakillari bandligini ta’minlaydigan loyihalar uchun grant ajratiladi
Ularga, shuningdek, uy-joylarini ta’mirlash uchun BHMning 150 baravari miqdorida yordam puli beriladi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
“Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini moliyalashtirish tartib-taomillarini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Prezident Farmoniga muvofiq, 2025-yil 1-apreldan Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalar uchun “Ijtimoiy daftarlar” jamg‘armalari orqali qo‘llab-quvvatlashning yangi instrumentlari joriy etiladi.
Xususan, kamida 3 nafar xotin-qizlar, yoshlar va aholining boshqa ehtiyojmand toifalarining bandligi hamda ijtimoiy faolligini ta’minlashga qaratilgan ijtimoiy loyihalarni moliyalashtirish uchun “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armalari hisobidan BHMning 60 baravarigacha grantlar ajratiladi.
“Yoshlar daftari” jamg‘armasi hisobidan esa:
- nogironligi bo‘lgan yoshlarga parasport to‘garaklariga qatnashishi uchun yo‘l haqi xarajatlarini har oyda BHMning 1 baravarigacha miqdorda qoplab berish;
- 6 oy davomida muntazam ravishda sport va san’at to‘garaklariga qatnashayotgan yoshlar uchun qiymati BHMining 10 baravaridan oshmaydigan maxsus sport forma, inventar, musiqa va cholg‘u asboblarini xarid qilish;
- yong‘in, suv toshqini, zilzila va boshqa texnogen hodisalar oqibatida zarar ko‘rgan oilalarga uy-joylarini tiklash va ta’mirlash xarajatlarini qoplash uchun “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi orqali BHMning 150 baravarigacha bo‘lgan miqdorda yordam ko‘rsatish.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ