“Anorbank” aksiyador o‘g‘irlanishi bilan bog‘liq voqeaga izoh berdi
Ta’kidlanishicha, vaziyat xususiy xarakterga ega bo‘lib, moliya muassasasi faoliyatiga ta’sir ko‘rsatmaydi

“Anorbank” OAVda tarqalgan aksiyadorlardan birining O‘zbekistondan tashqarida o‘g‘irlab ketilgani haqidagi ma’lumotlar bank faoliyatiga aloqador emasligini va uning ishiga ta’sir ko‘rsatmasligini ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, voqea shaxsiy xususiyatga ega. “Anorbank”ning barcha bo‘limlari, raqamli xizmatlari va ichki jarayonlari odatdagidek ishlashni davom ettirmoqda. Joriy va strategik loyihalar tasdiqlangan rejalarga muvofiq amalga oshirilmoqda.
Le Monde nashri xabar berishicha, O‘zbekistondagi “Anorbank”ning asosiy aksiyadori Qahramon Olimov Fransiyada o‘g‘irlab ketilgan.
22-iyun kuni Olimov ish yuzasidan Parijga kelgan. O‘sha kuniyoq u bir qiz bilan tanishib, qiz uni tez orada uchrashuvga taklif qilgan. 23-iyun kuni ertalab mehmonxona yonida uch nafar noma’lum shaxs unga hujum qilib, zo‘rlik bilan furgonga o‘tqazib ketishgan.
Dastlab uni xususiy uyga olib ketishdi, u yerda o‘g‘irlovchilardan biri — sobiq biznes hamkori uni bankdagi ulushini o‘zlashtirishda ayblab, 10 million dollar talab qildi. Jabrlanuvchini kaltaklashdi va o‘lim bilan qo‘rqitishdi. Keyinchalik uni Nitssaga ko‘chirib, villaning yerto‘lasida saqladilar.
Olimov to‘lovning bir qismini to‘lab, qochishga erishdi. U Parijga yetib borib, politsiyaga murojaat qildi. Shifokorlar unda ko‘plab ko‘karishlar, kaltak izlari va ruhiy jarohat belgilarini aniqladilar.
1-iyul kuni Fransiya politsiyasi o‘g‘irlashda gumonlanayotganlardan biri — Turkiya fuqarosini qo‘lga oldi. Olimov Toshkentga qaytib, shaxsiy qo‘riqchilari sonini ko‘paytirdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ