Ichki valyuta bozorida chet el valyutasiga talab $44,3 mlrdga yetdi
Yanvar-avgust oylarida chet el valyutasiga talab 17,3% ga, taklif esa 25,5% ga ko‘paydi
Foto: Kapital.uz
2026-yilning yanvar-avgust oylarida O‘zbekiston ichki valyuta bozorida yuridik va jismoniy shaxslarning chet el valyutasiga bo‘lgan jami talabi $44,3 mlrdni tashkil etdi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, bu 2025-yilning mos davridagi $37,8 mlrdga nisbatan 17,3% ko‘p.
Talabning asosiy qismini yuridik shaxslar tashkil etgan. Hisobot davrida ular tomonidan $34,7 mlrd, jismoniy shaxslar tomonidan esa $9,6 mlrd miqdorida chet el valyutasi xarid qilingan.
Valyuta taklifi ham oshdi
Yanvar-avgust oylarida ichki valyuta bozoridagi jami taklif $38,2 mlrdga yetdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 25,5% yoki $7,8 mlrdga oshgan.
Hisobot davrida aholi tijorat banklariga qariyb $16,6 mlrd miqdorida chet el valyutasini sotgan.
Yuridik shaxslar tomonidan banklarga sotilgan valyuta mablag‘lari esa $21,6 mlrdni tashkil etdi.
Shu tariqa, yanvar-avgust oylarida valyutaga bo‘lgan jami talab taklifdan $6,1 mlrdga yuqori bo‘lgan.
Dollar kursi 1,5%ga oshdi
2026-yilning yanvar-avgust oylarida AQSh dollarining so‘mga nisbatan almashuv kursi 11 779–12 320 so‘m diapazonida shakllandi.
Hisobot davri yakunlari bo‘yicha dollar kursi yil boshiga nisbatan 1,5% ga oshdi.
Mazkur davrda almashuv kursining o‘rtacha tebranuvchanligi 32,3 so‘m yoki 0,27% ni tashkil etdi.
2025-yilning yanvar-avgust oylarida esa bu ko‘rsatkich 32,4 so‘m yoki 0,26% bo‘lgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ