Jahon banki O‘zbekistonda qishloq infratuzilmasini rivojlantirish uchun $150 mln ajratadi
Moliyalashtirish olti hududda yo‘llar, maktablar va suv ta’minoti tizimlarini modernizatsiya qilishga yo‘naltiriladi
Фото: World Bank
Jahon banki Ijrochi direktorlar kengashi O‘zbekistonga “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” dasturining ikkinchi bosqichini amalga oshirish uchun Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi (IDA)ning imtiyozli moliyalashtirish liniyasi doirasida $150 mln ajratishni ma’qulladi. Bu haqda Jahon banki matbuot xizmati ma’lum qildi.
Bank ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning 38 mln nafar aholisining qariyb yarmi shaharlar tashqarisida istiqomat qiladi. Ayrim qishloqlarda asfalt yo‘llar, ta’lim va tibbiyot muassasalari, shuningdek, barqaror ichimlik suvi va elektr ta’minotidan foydalanish bilan bog‘liq muammolar saqlanib qolmoqda. Mazkur infratuzilmaviy kamchiliklar mahalliy aholining tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi va bandlik imkoniyatlarini cheklamoqda.
Ushbu muammolarni bartaraf etish maqsadida O‘zbekiston hukumati 2019-yilda mahallalar infratuzilmasini yaxshilash loyihasini ishga tushirgan. Dastlabki bosqichda Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi tomonidan $100 mln, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki tomonidan esa $82 mln mablag‘ ajratilgan.
2026-yil iyun holatiga ko‘ra, Andijon, Farg‘ona, Namangan, Jizzax va Sirdaryo viloyatlaridagi 306 ta mahallada 900 dan ortiq subloyiha yakunlangan. Ular doirasida 340 dan ortiq yo‘l uchastkasi, 220 ta elektr uzatish tarmog‘i, 160 ta suv ta’minoti tizimi, qariyb 100 ta maktab, 40 ta bolalar bog‘chasi va 10 ta ko‘prik qurildi yoki ta’mirlandi. Natijada qariyb 1 mln nafar qishloq aholisi hayot sifati yaxshilandi.
Modernizatsiya obyektlarini tanlash va qurilish jarayonini nazorat qilish mahalliy aholi tomonidan tuzilgan mahalla rivojlantirish guruhlari orqali amalga oshirilmoqda. Ushbu guruhlar tarkibining kamida yarmi ayollardan iborat.
Loyihaning ikkinchi bosqichi umumiy qiymati $340 mlnga baholanmoqda. Shundan $150 mln Jahon banki, $120 mln Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki, qolgan $70 mln esa davlat tomonidan moliyalashtiriladi.
Dastur Andijon, Farg‘ona, Namangan, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlaridagi 296 ta mahallani qamrab oladi. Loyihani amalga oshirishni Iqtisodiyot va moliya vazirligi muvofiqlashtiradi. Jahon banki mablag‘lari belgilangan ishlar rejasi bajarilishiga qarab bosqichma-bosqich ajratiladi.
Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Nadji Benhassinning ta’kidlashicha, dastur davomida mahalliy aholi ehtiyojlariga alohida e’tibor qaratiladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi infratuzilma obyektlari qishloqlarda yashash sifatini yaxshilash, tadbirkorlik faolligini oshirish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qiladi.
2031-yilgacha loyiha doirasida olti hududdagi transport va muhandislik infratuzilmasi yangilanadi. Bu qariyb 1,2 mln kishiga, jumladan 600 ming nafar ayol va 300 ming nafar yoshga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.
Shuningdek, tajriba tariqasida 15 ta mahallada biznesni rivojlantirish markazlari tashkil etiladi. Ular qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va kichik ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga moliyalashtirishni jalb qilish, biznes ko‘nikmalarini rivojlantirish va yangi bozorlarga chiqishda ko‘maklashadi.
Mazkur choralar 1 500 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratishga xizmat qiladi. Bankning boshqa tashabbuslari bilan birgalikda dastur hududlarda qariyb 25 mingta yangi ish o‘rni ochilishiga yordam berishi kutilmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ