Iyun oyida aholiga sezilgan inflyatsiya 10,2% ni tashkil etdi — MB
Narxlar o‘sishiga eng katta ta’sir go‘sht, sut va yoqilg‘i hissasiga to‘g‘ri kelmoqda
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Markaziy bank 2026-yil iyun oyi yakunlari bo‘yicha aholi o‘rtasida o‘tkazilgan inflyatsion kutilmalar va sezilgan inflyatsiya bo‘yicha so‘rov natijalarini e’lon qildi.
Jami 3 785 nafar respondent ishtirok etgan so‘rov natijalariga ko‘ra, aholi tomonidan sezilgan inflyatsiya darajasi o‘tgan oyga nisbatan deyarli o‘zgarmay, 10,2% ni tashkil etdi.
Hududlar orasida eng yuqori sezilgan inflyatsiya Toshkent shahrida — 12,3% qayd etildi. Keyingi o‘rinlarni:
- Andijon viloyati — 12,2%;
- Farg‘ona viloyati — 11,1%;
- Samarqand viloyati — 10,7%;
- Surxondaryo viloyati — 10,4%;
- Toshkent viloyati — 10,4% egalladi.
Respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichga yaqin sezilgan inflyatsiya Sirdaryo va Buxoro viloyatlarida 10% ni tashkil etdi. Qoraqalpog‘istonda bu ko‘rsatkich 9,9% , Jizzax viloyatida esa 9,8% etib qayd qilindi. Eng past sezilgan inflyatsiya Xorazm viloyatida — 8,5% bo‘ldi. Undan keyingi o‘rinlarda Namangan (9%), Navoiy (9,1%) va Qashqadaryo (9,4%) viloyatlari joy oldi.
Aholi narxlar oshganini qaysi mahsulotlarda ko‘proq sezdi?
May–iyun oylarida respondentlar eng katta narx o‘sishini quyidagi tovar va xizmatlarda kuzatganini bildirgan:
- go‘sht va sut mahsulotlari — 52%;
- benzin va yoqilg‘i — 38%;
- elektr energiyasi va tabiiy gaz — 31%;
- meva-sabzavotlar — 22%;
- shakar va qandolat mahsulotlari — 18%;
- guruch — 17%;
- dorilar — 16%;
- qurilish materiallari — 16%;
- kafe va restoran xizmatlari — 14%;
- yo‘lkira va tashish xizmatlari — 14%;
- o‘simlik yog‘i — 13%;
- kiyim va poyabzal — 12%;
- tibbiy xizmatlar — 11%;
- tuxum — 10%;
- ta’mirlash ishlari — 9%;
- ijara haqi — 9%;
- non va un mahsulotlari — 9%;
- ta’lim xizmatlari — 8%;
- maishiy xizmatlar — 7%.
Daromad oshgani sari sezilgan inflyatsiya ham yuqoriroq
So‘rov natijalari daromad darajasi oshgani sari aholi sezayotgan inflyatsiya ham ortayotganini ko‘rsatdi.
Eng yuqori ko‘rsatkich oyiga 30 mln so‘mdan ortiq daromadga ega respondentlar orasida qayd etilib, 13,5% ni tashkil etdi.
Shuningdek:
- 20–30 mln so‘m — 12,4%;
- 15–20 mln so‘m — 12,3%;
- 10–15 mln so‘m — 12,2%;
- 7–10 mln so‘m — 11,7%;
- 4–7 mln so‘m — 10,6%;
- 2–4 mln so‘m — 9,5%;
- daromadga ega bo‘lmaganlar — 9,3%;
- 2 mln so‘mgacha daromad oluvchilar — 8% sezilgan inflyatsiyani qayd etgan.
Kasblar bo‘yicha farq ham kuzatildi
Kasblar kesimida eng yuqori sezilgan inflyatsiya:
- maishiy xizmat ko‘rsatuvchilar — 11,6%;
- tashish xizmatlari sohasi vakillari — 11,6%;
- qurilish sohasi — 11,5%;
- tibbiyot sohasi — 11,4%;
- davlat tashkilotlari xodimlari — 11%;
- pensionerlar — 10,9%;
- AT va aloqa sohasi vakillari — 10,4% ni tashkil etdi.
Respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich 10,2% bo‘lgan.
O‘rtachadan past natijalar esa ilm-fan (10,2%), ishlab chiqarish (10,2%), kafe-restoran (10%), qishloq xo‘jaligi (10%), savdo (9,9%), bank-moliya (9,6%), turizm (9,3%) va talabalar (8,8%) orasida qayd etildi.
Markaziy bank qayd etishicha, iyun oyida ham aholi narxlar o‘sishini asosan oziq-ovqat mahsulotlari, yoqilg‘i hamda kommunal xizmatlar narxlari orqali sezgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ