Toshkentda anomal issiq sabab elektr ta’minotida qisqa uzilishlar kuzatilishi mumkin
Energetika vazirligi elektr energiyasi iste’moli keskin oshgani fonida poytaxt aholisini elektrdan oqilona foydalanishga chaqirdi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Toshkentda anomal issiq va elektr energiyasi iste’molining keskin oshishi sabab ayrim hududlarda elektr ta’minotida qisqa muddatli uzilishlar yuzaga kelishi mumkin. Bu haqda “Toshkent magistral elektr tarmoqlari” filiali ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, energiya tizimiga tushayotgan yuklama yuqori bo‘lgani sababli poytaxt elektr tarmoqlarining ayrim uchastkalarida qisqa muddatli elektr uzilishlari va avariyaviy o‘chirishlar kuzatilishi ehtimoldan xoli emas.
Korxona ma’lumotiga ko‘ra, mutaxassislar elektr tarmoqlari va uskunalarining barqaror ishlashini ta’minlash, shuningdek, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarni imkon qadar tez bartaraf etish bo‘yicha barcha zarur choralarni ko‘rmoqda.
Energetiklar poytaxt aholisini elektr energiyasidan oqilona va tejamkor foydalanishga, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaqtinchalik noqulayliklarga esa tushunish bilan yondashishga chaqirdi.
Avvalroq Energetika vazirligi yaqin kunlarda kuzatiladigan anomal issiq fonida O‘zbekistonda elektr energiyasining sutkalik iste’moli 280 mln kVt·soatgacha, maksimal yuklama esa 13–13,3 GVtgacha yetishi mumkinligini ma’lum qilgandi. Bu ko‘rsatkichlar rekord darajaga yaqinlashayotgani qayd etilgan.
Shu munosabat bilan vazirlik issiq ob-havo davrida energetika obyektlari va elektr tarmoqlari faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish bo‘yicha topshiriq bergan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ