Isitish tariflarini ijtimoiy me’yordan oshgan maydon uchun 5 baravar qimmatlashtirish taklif qilindi

Hozirda budjet tashkilotlari bir gigakaloriya uchun 952,8 ming so‘m, tijorat korxonalari esa 342,3 ming so‘m to‘laydi

Isitish tariflarini ijtimoiy me’yordan oshgan maydon uchun 5 baravar qimmatlashtirish taklif qilindi

O‘zbekistonda markazlashgan isitish xizmatlari uchun amaldagi ommaviy subsidiyalarni bosqichma-bosqich bekor qilish va ularni manzilli ijtimoiy yordam bilan almashtirish taklif qilindi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish instituti tomonidan o‘tkazilgan Fiskal muloqotda ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda Kapital.uz muxbiri.

Institut hisob-kitoblariga ko‘ra, 2026-yilda aholini issiqlik ta’minoti bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun davlat budjetidan 3,8 trln so‘m ajratilishi kutilmoqda.

Mazkur mablag‘ning 2,9 trln so‘mi Toshkent shahridagi iste’molchilarni subsidiyalashga yo‘naltiriladi. Hozirda aholi issiqlik ta’minoti xizmatining haqiqiy tannarxining 20% idan kamini to‘laydi. Bir gigakaloriya issiqlikning bazaviy qiymati 711,6 ming so‘mni tashkil etsa, uning qariyb 80%i davlat budjeti hisobidan qoplanmoqda.

Ekspertlar subsidiyalar hududlar bo‘yicha nomutanosib taqsimlanayotganini qayd etdi. Ularning fikricha, yordamning asosiy qismi Toshkent aholisi hissasiga to‘g‘ri kelmoqda, boshqa hududlarda esa fuqarolar uy-joylarini isitish xarajatlarini asosan o‘z mablag‘lari hisobidan qoplaydi.

Taqdimotda amaldagi tizimning asosiy kamchiligi sifatida subsidiyalar aholining daromadi va moliyaviy ahvolidan qat’i nazar, barcha iste’molchilarga bir xil tartibda berilayotgani ko‘rsatildi.

Shuningdek, issiqlik ta’minoti xizmatlari tariflarida yuridik shaxslar uchun ham tafovut mavjudligi ta’kidlandi. Hozirda budjet tashkilotlari bir gigakaloriya uchun 952,8 ming so‘m, tijorat korxonalari esa 342,3 ming so‘m to‘laydi.

Muammoni hal etish maqsadida bazaviy iste’mol me’yori joriy etish taklif qilinmoqda. Unga ko‘ra, har bir xonadon uchun 60 kvadrat metr yoki ro‘yxatda turgan har bir fuqaro hisobiga belgilangan me’yor qo‘llaniladi. Uy-joy maydoni ushbu limitdan oshgan taqdirda, ortiqcha qism uchun amaldagi tarifdan besh baravar yuqori to‘lov undirilishi taklif etilmoqda.

Bundan tashqari, ikkinchi va undan keyingi ko‘chmas mulk obyektlari uchun isitish xizmatlarini bosqichma-bosqich to‘liq tarif asosida to‘lash tizimini joriy etish rejalashtirilgan.

Yuridik shaxslar uchun esa haqiqiy tannarx bo‘yicha to‘lov ulushini hozirgi 60% dan avval 80% ga, keyinchalik esa 100% gacha oshirish taklif etildi.

Loyiha mualliflari kelgusida davlat tomonidan moliyaviy yordam faqat “Yagona ijtimoiy himoya reyestri”ga kiritilgan kam ta’minlangan fuqarolarga ko‘rsatilishini bildirdi.

Shuningdek, taqdimotda qayd etilishicha, Toshkent shahridagi kvartiralarning qariyb yarmi 60 kvadrat metrdan kichik bo‘lgani sababli, bunday xonadonlar uchun to‘lov shartlari o‘zgarmasligi kutilmoqda.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekiston va Qirg‘iziston ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi
/
O‘zbekiston va Qirg‘iziston ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi
Markaziy bank omonatlar bo‘yicha 5% lik soliq joriy etilishi haqidagi xabarlarga izoh berdi
/
Markaziy bank omonatlar bo‘yicha 5% lik soliq joriy etilishi haqidagi xabarlarga izoh berdi
O‘zbekiston va Qirg‘izistonning o‘zaro savdo hajmi $2 mlrdga yetkaziladi
/
O‘zbekiston va Qirg‘izistonning o‘zaro savdo hajmi $2 mlrdga yetkaziladi