O‘zbekistonda ishsizlik darajasi 4,9% ni tashkil qilmoqda
Yilning uchinchi choragida chetga ishlashga ketganlar soni ko‘payib, 1,86 mln kishiga yetdi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekistonda ishsizlik darajasi 2025-yilning III choragiga ko‘ra, 4,9% ni tashkil etdi. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 2024-yilning shu davriga nisbatan 0,8 punktga kamaygan.
Mamlakatda jami aholi 37,8 mln kishini tashkil etgan bo‘lsa, shundan:
- mehnat resurslari 20,35 mln nafar (1,9% ga ko‘paygan);
- iqtisodiy faol aholi 15,57 mln nafar;
- band aholi 14,81 mln nafar (4,1% ga ko‘paygan).
Rasmiy sektorda band bo‘lganlar 17% ga ortib, 8,58 mln kishini tashkil etdi. Norasmiy sektorda ishlayotganlar esa 26,9% ga kamayib, 4,38 mln kishini tashkil etdi. Chetga ishlashga ketganlar soni ko‘payib, 1,86 mln kishini tashkil etdi. Bu 2024-yilning shu davriga nisbatan 512 ming kishiga ko‘p degani.
Respublika bo‘yicha 760 ming kishi ishga joylashishga talabgor bo‘lgan.
O‘zbekistonda 2025-yil 1-noyabrdan boshlab ishsizlik nafaqasi faqat mehnat shartnomasi bekor qilingan shaxslarga to‘lanadigan bo‘ldi. Bu turdagi nafaqani olish uchun fuqaro so‘nggi besh yilda kamida 18 oy ishlagan va mehnat shartnomasi bekor qilin bo‘lishi kerak. Shu bilan birga, nafaqa yuzasidan olti oy ichida murojaat qilishi talab etiladi. Shunda uning oxirgi 18 oylik o‘rtacha ish haqi hisobidan uch oy davomida ishsizlik nafaqasi to‘lanadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ