O‘zbekistonda aholining inflyatsion kutilmalari minimal darajagacha pasaydi — 10,1%
Aholining kelgusi 12 oy uchun inflyatsiya bo‘yicha median prognozi 9% ga, tadbirkorlarniki esa 8% ga tushdi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Markaziy bank e’lon qilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, 2026-yil may oyida O‘zbekiston aholisi va tadbirkorlarining inflyatsion kutilmalari kuzatuvlar tarixidagi eng past darajaga tushdi.
Fuqarolarning kelgusi 12 oy uchun o‘rtacha inflyatsiya prognozi 10,1% ni tashkil etib, aprel oyiga nisbatan 0,5% punktga pasaydi. Median ko‘rsatkich esa 9% darajasida shakllandi.
Hududlar kesimida eng yuqori inflyatsion kutilma Toshkent shahrida qayd etildi — 12%. Undan keyingi o‘rinlarda Surxondaryo (11,8%) va Farg‘ona (11,7%) viloyatlari joylashdi. Eng past ko‘rsatkich Namangan (8,7%), Navoiy va Andijon viloyatlarida (8,8%) kuzatildi.
Kasb guruhlari orasida pensionerlar (12,6%), IT sohasi vakillari (12%), transport va bank xodimlari (10,8%) narxlar o‘sishini yuqoriroq baholagan. Talabalar (9%), sanoat xodimlari (9,6%) hamda ilm-fan va ta’lim sohasi vakillari (9,7%) esa nisbatan pastroq prognoz bildirgan.
Daromad darajasi oshgani sari inflyatsion kutilmalar ham yuqori bo‘lib qolmoqda. Masalan, oyiga 30 mln so‘mdan ortiq daromad oluvchi respondentlar inflyatsiyani 13,9 foiz deb baholagan bo‘lsa, 2 mln so‘mgacha daromadga ega guruhda bu ko‘rsatkich 8,2 foizni tashkil etdi.
So‘rov ishtirokchilari inflyatsiyaning asosiy omillari sifatida uy-joy kommunal xizmatlari tariflarining oshishi (59%) va energiya resurslari qimmatlashishini (45%) ko‘rsatgan. Shuningdek, transport xarajatlari, bozor spekulyatsiyasi, oziq-ovqat narxlari va valyuta kurslari o‘zgarishi ham tilga olingan.
Tadbirkorlar orasida ham inflyatsion kayfiyat pasaydi. Biznes vakillarining median prognozi 8% ga, o‘rtacha ko‘rsatkichi esa 10% ga teng bo‘ldi. Hududlar kesimida eng yuqori kutilma Jizzax viloyatida (11,9%), eng pasti esa Andijon viloyatida (8,1%) qayd etildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ