Endilikda bitta xonadon uchun ajratiladigan imtiyozli ipoteka krediti miqdori 15% ga oshiriladi
Boshlang‘ich to‘lov va foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun 2,7 trln so‘m subsidiya beriladi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekistonda bitta xonadon uchun davlat budjeti hisobidan ajratiladigan imtiyozli ipoteka krediti miqdori 15% ga oshiriladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev 26-dekabr kuni Oliy Majlis va xalqqa murojaatnomasida ma’lum qildi.
Davlat rahbari 2026-yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning uchinchi ustuvor yo‘nalishi — ichki bozorda talabni rag‘batlantirish masalasiga to‘xtalar ekan, bu borada aholining daromadi va xarid qobiliyatini oshirishga qaratilgan ishlarni izchil davom ettirish zarurligini qayd etdi.
Ma’lum qilinishicha, 2026-yilda aholi ehtiyojidan kelib chiqib, iqtisodiyotda eng katta talab yaratadigan uy-joy ipotekasiga 23 trln so‘m resurs ajratilishi ko‘zda tutilmoqda.
Uy-joy sotib olishda boshlang‘ich to‘lov va foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun 2,7 trln so‘m subsidiya beriladi. Shuningdek, bitta kvartira uchun ajratiladigan imtiyozli ipoteka kreditining miqdori 15% ga oshiriladi, — dedi prezident.
Ma’lumot uchun, hozirda bitta kvartira uchun ajratiladigan imtiyozli ipoteka kreditining miqdori Toshkent shahrida 420 mln so‘m, hududlarda 330 mln so‘mni tashkil etadi. Endilikda bu miqdor mos ravishda 483 mln so‘m va 380 mln so‘mgacha oshiriladi.
Kelgusi yilda 140 mingta kvartirali ko‘p qavatli uy-joy barpo etilishi zarur iste’mol tovarlariga talabni oshirishini hisobga olib, 2026-yilda 125 trln so‘mlik iste’mol krediti ajratiladi.
2026-yilda, davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, qurilish ishlari hajmini 11% ga ko‘paytirib, $30 mlrdga yetkazish ko‘zda tutilmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ